G‘ijduvoniyning xalqaro mavqei
Turkiyaning Malatiya shahridagi Inonu (İnönü) davlat universitetida “Tasavvuf va Abdulxoliq G‘ijduvoniy” mavzuiga bag‘ishlangan I xalqaro simpoziumi bo‘lib o‘tdi.
O‘nga yaqin mamlakatlar olimlari ishtirokidagi anjuman Turkiyadagi Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy tasavvuf tadqiqotlari markazi, Inonu universiteti tomonidan Malatiya hokimligi hamkorligida tashkil etildi.
Anjuman avvalida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Erdo‘g‘anning simpozium qatnashchilariga tabrigi o‘qib eshittirildi. Darvoqe, anjumanning Malatiya shahrida o‘tkazilishi bejiz emas. Mazkur maskan o‘zining boy tarixi davomida ko‘plab mutafakkiru mutasavviflarning hayotlari tutash chorraha sifatida hammaga ma’lum. Ibn Arabiy, Sadriddin Ko‘nyaviy, Mavlono Jaloliddin Rumiy, Shayx Hamidiy Valiy, Niyoziy Misriylar shu shaharda yashab, inson mohiyati, ezgulik va adolat g‘oyalariga yo‘g‘rilgan qimmatli asarlarini yaratgan. Bu bitiklar turkiy xalqlar uchun ulkan ma’naviy meros hisoblanadi.

Bu ulug‘ zotlar safida tilga olishimiz shart bo‘lgan yana bir alloma borki, bu Abduljamil imomdir. U taqdir taqozosi ila Buxoro vohasining G‘ijduvon qo‘rg‘onini manzil aylagan. Xuddi shu yerda dunyoga kelgan farzandi keyinchalik Abdulxoliq G‘ijduvoniy nomi bilan ulkan pir bo‘lib yetishadi. U xojagon-naqshbandiya ta’limotining asoschisidir.
Anjumanda Inonu universiteti rektori, professor Ahmad Qiziloy, mazkur dorilfunun professori Mustafo Miqotiy, AQSH Minnesota Islom universiteti rektori, professor Valid Meneyese, Livandagi Tripoli universiteti rektori, professor Raafet Mikatiy, G‘oziy universiteti rektori, professor Musa Yildiz, Istanbul universiteti rektori, professor Mahmud Oq, Yaman Texnologiya universiteti dotsenti Munir al-Ibodiy va boshqalarning ma’ruzalari tinglandi. Notiqlar o‘z chiqishlarida Abdulxoliq G‘ijduvoniy asarlarida tassavvuf, ya’ni insonning ruhiy va axloqiy jihatdan komillik sari intilishi haqidagi ta’limot bugungi globallashuv davrida ham tarbiyaviy jihatdan muhim ahamiyatga egaligi, shu bois, unga islom olamida qiziqish tobora oshayotganini ta’kidladi.

Shu nuqtai nazardan, xojagon-naqshbandiya ta’limotiga mansub Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Muhammad Orif Revgariy, Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy, Xoja Ali Romitaniy, Xoja Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol, Xoja Bahouddin Naqshband hayoti va merosi haqidagi tadqiqot hamda asarlarni xorijiy tillarga o‘girish juda muhim. Bu jihatdan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Komiljon Rahimov tomonidan yaratilgan yetti pir haqidagi risolalar yaqinda turk tilida muallif tomonidan tarjima qilinib, Anqarada chop etilgani diqqatga sazovor. U anjumanda “Abdulxoliq G‘ijduvoniyning “Vasiyatnoma” asari” mavzuidagi ma’ruzasini ham turk tilida o‘qidi.
Shuningdek, simpoziumda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari doktori Nodirxon Hasan, G‘ijduvoniy tumanidagi Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy jome masjidi imom-xatibi Orif Amonov, Bahouddin Naqshband jome masjidi imom xatibi Abdulg‘afur Razzoq Buxoriylarning mavzuga oid chiqishlari tinglandi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, taniqli olim va tarjimon Sayfiddin Sayfulloh, “Naqshbandiya” jurnali bosh muharriri Sultonmurod Olim ham ZOOM orqali o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi.
Olimlar tasavvufshunoslik, manbashunoslik yo‘nalishlarida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar yuzasidan tajribalarini gapirib berdi. Ayni paytda ularda xorijlik hamkasblarining Markaziy Osiyo tarixidan o‘rin olgan xojagon-naqshbandiya ta’limoti vakillarining ilmiy merosini o‘rganish borasidagi izlanishlari alohida qiziqish uyg‘otdi.

Muloqotlarda ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish borasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda an’anaviy maqomga ega bo‘lgan simpoziumning navbatdagisini 2022 yilda Buxoroda o‘tkazish taklifi o‘rtaga tashlandi. Bundan tashqari, Turkiya qo‘lyozma fondlarida xojagon-naqshbandiya pirlari bilan bog‘liq qo‘lyozmalarning katalogini yaratish, faksimil nusxalarini chop qilish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, Malatiya viloyati Doranda va G‘ijduvon shaharlari o‘rtasida birodarlashgan shaharlar munosabatlarini o‘rnatish haqida kelishib olindi.
Anjuman qatnashchilari uchun Turkiya “Adolat va taraqqiyot” partiyasi raisining muovini O‘znur Chalik, Malatiya viloyati hokimi Aydin Barush tomonidan rasmiy qabul uyushtirildi.

Erkin YODGOROV, O‘zA