Germaniyada turk jurnalistlari ozod qilindi
Germaniyada ushlangan turk jurnalistlari Ismoil Erel va Jemil Albay ozod etildi. Bu haqda “Anadolu” xabar bermoqda.
Avvalroq olmon politsiyasi Frankfurtdagi Turkiyaning “Sabah” gazetasi idorasiga kirib, nashrning Germaniyadagi vakili Ismoil Erel va bosh muharriri Jemil Albayni hibsga olgan edi.
“Sabah” gazetasiga tegishli manbadan olingan ma’lumotga ko‘ra, mahkama xodimlari jurnalistlarning uyidagi, shuningdek gazetaning Yevropadagi ofisidagi kompyuter, telefonlarni musodara qilgan.
Turkiya Tashqi ishlar vazirligi va Kasaba uyushmalari ommaviy axborot vositasi xodimlarini ozod qilish uchun zarur choralarni ko‘rdi.
TIV voqeani keskin qoraladi va Germaniya rasmiylarini qo‘lga tushirilgan jurnalistlarni zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi.
Anqara voqeani “tajovuzkorlik, turk matbuotini qo‘rqitishga urinish” deya baholadi.
O‘zA