Germaniya terma jamoasi ustozi: "Dunyodagi siyosiy vaziyatdan butunlay uzilib qolishning iloji yo‘q"
Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Yulian Nagelsmann 2026-yilgi jahon chempionati arafasida dunyodagi siyosiy vaziyatning ta’siri haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
"Dunyoda sodir bo‘layotgan voqealardan butunlay chetda qolishning iloji yo‘q. Albatta, shaxs sifatida mening ham o‘z qarashlarim, prinsiplarim va e’tiqodlarim bor. Biroq futbol tarafiga mas’ul bo‘lgan o‘z ishim doirasida diqqat-e’tiborimni aynan sportga qarataman.
Bizning vazifamiz — turnirda munosib ishtirok etish va hatto shubha bilan qarovchilarda ham yaxshi taassurot qoldirishdir. Mening maqsadim — jahon chempionatida muvaffaqiyatli qatnashish", — deya murabbiyning so‘zlarini keltirmoqda Bayern & Germany.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yilgi jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulga qadar AQSH, Kanada va Meksika hududlarida bo‘lib o‘tadi.