Germaniya Rossiyani eng katta tahdid sifatida ko‘rmoqda (+video)
Germaniya Qurolli kuchlari o‘z tarixida birinchi marta rasmiy harbiy strategiyaga ega bo‘ldi. Unda Rossiya Federatsiyasi Yevropa xavfsizligiga asosiy tahdid sifatida ko‘rsatilgan. Shuningdek, Bundesverni Yevropadagi eng kuchli armiyaga aylantirish rejalashtirilmoqda, deb xabar berdi DW nashri.
Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius 22-aprel kuni Berlinda mamlakat mudofaasining keng qamrovli konsepsiyasini taqdim etdi. Hujjat harbiy strategiya va qurolli kuchlarni rivojlantirish rejasini o‘z ichiga oladi. Lekin, bu hujjatlarning to‘liq mazmuni maxfiy saqlanmoqda.
Pistorius Rossiya prezidenti Vladimir Putin boshchiligidagi davlatdan kelayotgan tahdid haqida ogohlantirdi. Uning aytishicha, Rossiya qayta qurollanish orqali NATO bilan harbiy to‘qnashuvga tayyorlanmoqda va kuch ishlatishni o‘z manfaatlarini amalga oshirishning qonuniy vositasi deb hisoblamoqda.
Yangi konsepsiyaga ko‘ra, kamida 460 ming nemis harbiylari va ittifoqchilar Rossiya tomonidan ehtimoliy hujumga qarshi tura olishi kerak bo‘ladi.
Yangi strategiyaning asosiy qismi Rossiya tahdidiga qarshi kurashga bag‘ishlangan. Hujjatda aytilishicha, Moskva NATO davlatlariga qarshi harbiy hujum uchun sharoit yaratmoqda va jumladan, Germaniyaga qarshi ham harakatlar olib bormoqda.
Rossiya G‘arbni dushman deb hisoblaydi, NATO birligini buzishga, AQSHni Yevropadan uzishga va o‘z ta’sir doirasini kengaytirishga intilmoqda, deydi Pistorius.
Uning ta’kidlashicha, josuslik, buzg‘unchilik, kiberhujumlar va axborot urushi doimiy tahdidga aylangan.
Germaniya mudofaa vazirining so‘zlariga ko‘ra, maqsad Bundesverni ya’ni Germaniya Qurolli kuchlarini Yevropadagi eng kuchli an’anaviy armiyaga aylantirish. Bu ko‘zlangan reja bo‘yicha qisqa muddatda armiyaning mudofaa qobiliyati oshiriladi, o‘rta muddatda imkoniyatlar sezilarli darajada kengaytiriladi, uzoq muddatda esa texnologik ustunlikka erishiladi.Kelajakda axborot ustunligi, sun’iy intellekt varaqamli tizimlar hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Kosmos va kiber maydonda ham kuchli imkoniyatlar yaratish rejalashtirilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/yY406B6T25w" title="Germaniya Rossiyani eng katta tahdid sifatida ko‘rmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Iskandar ismatov, O‘zA