Germaniya arxivlarida o‘zbek tarixi izlari
Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi davlatlararo aloqalar chuqur tarixiy ildizlarga ega bo‘lib, bugungi kunda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy sohalarda strategik hamkorlik darajasiga ko‘tarilib bormoqda.
Bu O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yevropa davlatlari, xususan, Germaniya Federativ Respublikasi bilan olib borayotgan istiqbolli va samarali ochiq tashqi siyosati natijasidir.
Bugungi kunda O‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan aloqalari tarixini yoritish bilan birga, rivojlangan mamlakatlarning arxiv ishi sohasidagi ustuvor maqsadlaridan biri — qonunchilikdagi islohotlar, zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish tajribasini o‘rganish hamda Vatanimiz tarixiga oid manbalarni aniqlash va imkon qadar ularning nusxalarini olib kelish kabi dolzarb vazifalar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Jumladan, Germaniya Federativ Respublikasi bilan hamma tomonlama yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, 1991-yil 31-dekabrda Germaniya Federativ Respublikasi O‘zbekistonning mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan davlatdir. 1992-yil martida Toshkentda Germaniya elchixonasi o‘z ishini boshlaganidan so‘ng izchil rasmiy diplomatik aloqalar o‘rnatildi.
Oxirgi 10 yilda yosh tadqiqotchilarimiz nemis olimlari tomonidan Markaziy Osiyo tarixiga oid XV–XIX asrlarda yozilgan asarlarning tarixshunoslik tahliliga bag‘ishlangan ilmiy izlanishlar olib borayotgan bo‘lsa, ikki davlat o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy munosabatlar haqida ko‘proq 1922-yilda Turkistondan Germaniyaga o‘qishga yuborilgan talabalar taqdiri bilan bog‘liq nashrlar orqali tasavvurga ega bo‘lamiz. Shu o‘rinda mualliflarning o‘zlari qayd etganidek, bu tarix bir yoqlama manbalar, aniqrog‘i O‘zbekiston arxiv, kutubxona va muzeylarida saqlanayotgan manbalar yoxud jahon miqyosidagi ochiq onlayn kutubxonalardan olingan adabiyotlar asosida yozilgan. Biroq Germaniya arxivlarida O‘zbekiston tarixiga oid saqlanayotgan hujjatlarning aksar qismi deyarli ilmiy muomalaga kiritilmagan edi.
Albatta, mazkur masalaning o‘ziga yarasha siyosiy, moliyaviy va boshqa sabablari bo‘lgan. Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab O‘zbekiston tarixiga oid xorijda saqlanayotgan manbalarni aniqlash va ulardan nusxa olib kelish bo‘yicha o‘nlab maxsus komissiyalar, ishchi guruhlar tuzilgan va faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, turli sub’ektiv sabablarga ko‘ra tarixiy hujjatlarning nusxalarini davlat arxivlariga topshirish bilan bog‘liq ko‘zlangan ishlar qoniqarli tarzda amalga oshirilmay qolgan edi.
Ushbu yo‘nalishdagi tub o‘zgarishlarga Prezidentimizning 2019-yil 20-sentabrdagi «O‘zarxiv» agentligining faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori asos bo‘ldi. Qarorda arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning ilg‘or ish tajribasini o‘rganish va ommalashtirish, xorijiy arxivlarda saqlanayotgan O‘zbekiston tarixiga oid arxiv hujjatlari nusxalarini olib kelish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Hozirgi kunga qadar «O‘zarxiv» agentligi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan mazkur sohada Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon, Tatariston, Qozog‘iston, Tojikiston davlat arxivlarida saqlanayotgan minglab hujjatlarning elektron nusxalari O‘zbekiston Milliy arxiviga olib kelindi va alohida elektron jamg‘arma tashkil etildi. Birgina Turkiyaning Usmonli arxividan olib kelingan 15 mingdan ortiq kadr hujjatlar o‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixining manbaviy asosini qanchalar boyitganini alohida urg‘ulash lozim. Yuqorida qayd etilgan davlatlardan olib kelingan hujjatlar asosida «O‘zarxiv» agentligi tomonidan rejali nashr ishlari yo‘lga qo‘yilib, ilk bor xalqaro miqyosda 2 ta arxiv hujjatlari to‘plami va 2 ta kitob-albom nashr etildi.
Boshlangan ishlarning mantiqiy davomi sifatida Davlatimiz rahbarining 2025-yil 25-noyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan Arxiv ishi sohasini to‘liq raqamlashtirish, aholi va biznesga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish hamda «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash dasturining 14-bandida belgilangan topshiriq yuzasidan «O‘zarxiv» agentligi qoshida tuzilgan ishchi guruh a’zolari — professor Muhayyo Isakova va Nasriddin Mirzayevlarning Germaniyaga xizmat safari tashkil etildi.
Olimlarimiz Berlin shahrida joylashgan 3 ta yirik davlat arxivida — Prussiya madaniy merosi maxfiy davlat arxivi, Germaniya Federal arxivi va Tashqi ishlar vazirligi arxivida o‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixiga oid arxiv hujjatlarini aniqlash hamda nusxalarini olib kelish borasida tadqiqot olib bordilar.
Ta’kidlash joizki, Germaniya arxiv tizimi dunyodagi eng ilg‘or, tizimlashtirilgan va foydalanuvchilar uchun qulay infratuzilmalardan biri hisoblanadi. 1995-yilda Germaniya arxivlari qog‘oz ko‘rinishidagi kataloglashtirishdan to‘liq raqamli qidiruv tizimlariga o‘tgan. 2014-yildan boshlab Germaniya Federal arxivi tadqiqotchilar uchun mo‘ljallangan «invenio» elektron tizimidan foydalanadi. Bu tizim orqali tadqiqotchi dunyoning istalgan nuqtasidan turib fondlar, ro‘yxatlar va yig‘majildlarni qidirishi mumkin. Har bir raqamli fayl EAD (Encoded Archival Description) xalqaro standarti asosida tasniflanib, unda hujjat nomi, arxiv shifri (yil / fond raqami / hujjat turi), muallif va sanasi aniq ko‘rsatiladi. Aniqlangan hujjatlarga arxivning o‘quv xonasidan rasman ro‘yxatdan o‘tib, foydalanish kunlari tizim orqali belgilangandan so‘ng buyurtma berish mumkin.
Germaniyadagi barcha hududiy va shahar arxivlarining ma’lumotlari «Archivportal-D» yagona platformasiga integratsiya qilingan. Arxiv hujjatlarining o‘qilishini osonlashtirish va tarixiy matnlarni raqamli formatga o‘tkazishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda. Tarixiy hujjat va qo‘lyozmalar, jumladan, eski nemis yozuvlari yoki Sharq manbalarini o‘qishda «Transkribus» kabi matnni avtomatik tanish dasturlari arxiv tizimlariga bog‘langan.
2017-yil 10-martda qabul qilingan Germaniya Federal arxiv qonunining yangi tahririda raqamli davr talablariga moslashtirish va tadqiqotchilar uchun manbalardan foydalanish huquqlarini kengaytirishga alohida urg‘u berilgan. Qonunda davlat idoralarining elektron hujjatlarni arxivga topshirishi majburiy etib belgilangan. Eng asosiysi, olimlar va yosh tadqiqotchilar uchun ma’lumot olish ochiqligi kafolatlanib, hujjatlarni o‘quv zalida tadqiqotchining o‘zi shaxsan rasmga va skanerga olishiga (nusxa ko‘chirishdan tashqari) imkon berilgan. Shuningdek, tarixiy hujjatlarning yuqori sifatli raqamli nusxalariga arxiv o‘quv zallarida turib yoki masofadan buyurtma berish imkoniyatlari yaratilgan.
Germaniyada arxiv ma’lumotlarining ochiqligi qat’iy belgilangan bo‘lib, cheklov turlari va muddatlari bo‘yicha aniq tartib amal qiladi. Umumiy hujjatlar uchun yaratilgan sanadan boshlab 30 yillik muddat belgilangan bo‘lib, faqat davlat xavfsizligiga tahdid soluvchi hujjatlar muddati uzaytirilishi mumkin. Shaxsiy ma’lumotlar shaxs vafot etganidan so‘ng 10 yil o‘tgach ochiladi. Agar vafot etgan yili noma’lum bo‘lsa, shaxs tug‘ilganidan so‘ng 100 yil, hech qanday sana ma’lum bo‘lmasa 60 yil o‘tgach foydalanishga beriladi.
Maxfiylik muddati tugamasdan oldin foydalanish lozim bo‘lganda, ilmiy tadqiqotning ahamiyatini asoslab beruvchi yozma ariza topshiriladi. Arxivdagi ishchi guruh xulosasiga ko‘ra, hujjat ichida uchraydigan uchinchi shaxslarning ism-shariflari va shaxsiy ma’lumotlarini oshkor qilmaslik hamda ilmiy ishda ularni anonimlashtirish sharti bilan muddatidan oldin foydalanishga ruxsat olish mumkin.
Demak, har qanday davlat organi hujjatdan foydalanishni cheklab, arxivga topshirsa, u kamida 30 yil davomida tadqiqotchilar uchun yopiq saqlanadi. Qonundan kelib chiqsak, Germaniya arxivlarida 2026-yilda tadqiqotchilar uchun 1996-yilda yozilgan hujjatlar ochiq foydalanishga beriladi. Shu o‘rinda Germaniya Tashqi ishlar vazirligi arxivida olib borilgan izlanishlar natijasida 1996-yilgacha O‘zbekiston bilan olib borilgan diplomatik aloqalarga oid manbalar haqidagi ma’lumotlar arxivning elektron qidiruv tizimiga joylashtirilgani va ushbu hujjatlarni olib ko‘rish, fotonusxa olish erkin yo‘lga qo‘yilganiga amin bo‘lindi.
Cheklov qoidasi nafaqat davlat sirini, balki insonlarning shaxsiy hayoti, oilaviy yoki sog‘lig‘i bilan bog‘liq sirlarini himoya qilish uchun ham ishlatiladi. Bu yerda uch xil hisob-kitob qo‘llaniladi. Birinchidan, agar shaxsning vafot etgan sanasi aniq bo‘lsa, 10 yillik qoida amal qiladi. Aniqrog‘i, 2016-yilda vafot etgan kishining shaxsiy hujjatlari 2026-yilda tadqiqotchilar uchun beriladi. Ikkinchidan, shaxsning faqat tug‘ilgan yili ma’lum bo‘lib, qachon vafot etgani noma’lum bo‘lsa, uning tug‘ilgan yiliga 100 yil qo‘shiladi. Masalan, 1927-yilda tug‘ilgan kishiga tegishli manba 2027-yilda ochiladi. Uchinchidan, shaxsga oid hech qanday sana ma’lum bo‘lmasa, hujjat yozilgan sanaga 60 yil qo‘shiladi. Ya’ni, 1980-yildagi shaxsga oid noma’lum hujjatdan 2030-yilda foydalanish mumkin bo‘ladi.
Qonunchilikdagi muhim istisno shundaki, davlat va jamoat arboblari, diplomatlar yoki taniqli tarixiy shaxslarning xizmat vazifasi doirasidagi harakatlariga shaxsiy cheklovlar amal qilmaydi. Xususan, biror diplomatning rasmiy yozishmalarini o‘qish uchun uning vafotidan so‘ng 10 yil kutish shart emas, bunday hujjatlarga umumiy 30 yillik qoida qo‘llanadi.
Yopiq fondlar yoki shaxsiy ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hujjatlar ochiq internet tarmog‘iga yuklanmaydi. Ular bilan faqatgina arxivning o‘quv zalida, internetga ulanmagan lokal kompyuterlar orqali ishlashga ruxsat beriladi.
Jumladan, Federal arxivning elektron qidiruv tizimi yordamida Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekistondan urushga ketgan va asirlikka tushgan 50 dan ortiq o‘zbek o‘g‘lonlarining shaxsiy hujjatlari raqamlashtirilib, tizimga joylashtirilgani aniqlandi. Ushbu hujjatlarni ko‘rish imkoniyati Federal arxivning Berlin-Tegel filiali o‘quv zalida beriladi. Ulardan foydalanish uchun maxfiylik muddatini qisqartirish bo‘yicha rasmiy so‘rovnomani to‘rt hafta oldin elektron pochta orqali yuborish zarur. Shuningdek, agar hujjatlar raqamlashtirilgan bo‘lsa, ularning asl nusxasini ko‘rish imkoniyati berilmaydi. Agar raqamli hujjatning sifati past bo‘lib, o‘qish imkoni bo‘lmasa, istisno tariqasida asl yig‘majildni ko‘rish va fotosuratga olishga ruxsat etiladi.
Arxivlardan foydalanish barcha mahalliy va xorijiy fuqarolar uchun teng huquqli va asosan bepuldir. O‘quv zallarida telefon, planshet, hatto shaxsiy skaner uskunasi yordamida hujjatlardan nusxa olishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, arxivlar hujjatlarning sifatli elektron nusxalarini tayyorlab berish bo‘yicha pulli xizmatlarni ham amalga oshiradi. Har bir arxivning o‘z narxnomasi mavjud. Tadqiqotchi kitob nashri uchun 300–600 DPI aniqlikda, asl nusxa hujjatdan yuqori sifatli TIFF formatidagi har bir raqamli nusxa (kadr) uchun o‘rtacha 4 yevro atrofida to‘lov qiladi. Shuningdek, PDF va JPEG formatlaridagi nusxalar uchun har bir kadrga 0,25 sentdan boshlanadigan xizmatlar mavjud. Raqamli nusxalarni tayyorlab berish muddati 1 oydan 4 oygacha vaqtni oladi.
Germaniyadagi yirik arxivlarda hujjatlarni o‘quv zalida saqlash va ularga qayta buyurtma berish qat’iy belgilangan ichki reglamentlar asosida amalga oshiriladi. Tadqiqotchilar «invenio» elektron tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tishlari va o‘quv zalida ish o‘rnini to‘rt hafta oldin band qilishlari lozim. Joy band qilish muddati 3 kundan 5 ish kunigacha cheklangan bo‘lib, o‘quv zalida foydalanuvchilar soni 30 tadan oshmaydi.
Elektron tizim orqali aniqlangan hujjatlardan bir kunda 20 ta asl yig‘majildga buyurtma berish mumkin. Soat 12:00 gacha berilgan buyurtmalar ertasi kuni tayyor bo‘ladi. Biroq arxiv xodimi olib kelingan 20 ta yig‘majilddan hajmiga qarab bir vaqtning o‘zida 3–5 tadan ortiq jildni tadqiqotchining ish stoliga qo‘ymaydi. Buning sababi hujjatlar jild ichida tiqilmagan holda saqlanishidadir. Hujjatlarning varaqlari almashib ketmasligi uchun bir vaqtning o‘zida tadqiqotchi stolida 3 tagacha asl yig‘majild turishiga ruxsat beriladi.
Foydalanuvchi olgan hujjatni qaytargach, keyingi yig‘majildlar taqdim etiladi. Ish vaqti yakunida topshirilgan hujjatlar 2–4 hafta davomida o‘quv zalida saqlanadi. Foydalanish muddatini uzaytirish uchun xodimni oldindan ogohlantirish kerak. Bunday tizim tadqiqotchidan buyurtma berishda va manbalarni o‘rganishda jiddiy mas’uliyatni talab qiladi hamda hujjatlarning uzoq muddat bir kishida ushlanib qolishining oldini oladi.
Umuman olganda, Germaniya arxivlari va kutubxonalari rivojlangan raqamli infratuzilmasi bilan ajralib turadi. Elektron kataloglar va bibliografik tizimlarning integratsiyasi izlanish jarayonini keskin yengillashtiradi. Manbalarni qidirish, buyurtma qilish va raqamlashtirish to‘liq avtomatlashtirilgani sababli inson omili va byurokratiya sezilarli darajada kamaytirilgan. Bu esa xizmat ko‘rsatishdagi muddat buzilishlari va korrupsion holatlarning oldini oladi.
Germaniyaning arxiv ishidagi ushbu tizimli va ilg‘or tajribasini bosqichma-bosqich respublikamiz arxivlariga joylashtirish, mahalliy va xorijiy tadqiqotchilarga keng imkoniyatlar yaratish bilan birga, o‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixi bo‘yicha manbashunoslik tadqiqotlari sifatini xalqaro akademik darajaga olib chiqishda muhim strategik qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Nasriddin MIRZAEV,
O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi
Sharqshunoslik instituti doktoranti,
O‘zbekiston Milliy arxivi katta ilmiy xodimi,
falsafa doktori (PhD).