General-mayor Azizbek Ikramov poytaxtdagi qutqaruv qismlari faoliyatini o‘rgandi
Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Azizbek Ikramov Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Yashnobod, Bektemir va Yakkasaroy tumanlarida joylashgan qutqaruv qismlarida bo‘lib, ularning faoliyati va xizmatni tashkil etish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Vazir qutqaruvchilar bilan samimiy muloqotda bo‘lib, ularning xizmat faoliyati, mavjud imkoniyatlar va takliflari bilan qiziqdi. Qutqaruv qismlarida xizmatni yanada samarali tashkil etish, shaxsiy tarkib uchun zamonaviy, qulay va munosib xizmat sharoitlarini yaratish, qutqaruvchilarning kasbiy mahoratini muntazam oshirib borish yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiya va topshiriqlar berdi.

O‘rganish davomida qutqaruv qismlarida shaxsiy tarkib uchun yaratilgan shart-sharoitlar ham ko‘zdan kechirilib, olib borilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, infratuzilmani takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, aholi xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarga tezkor va samarali javob qaytarishda qutqaruv qismlarining shayligini yanada mustahkamlash muhim vazifa ekani ta’kidlandi.
G.Boboyeva,O‘zA