“Gender tenglik faoli” milliy tanlovi o‘tkaziladi
O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi tomonidan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan “Gender tenglik faoli” milliy tanlovining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Unda komissiya, vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Gender tengligi – xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqiy maqomi bo‘lib, har bir insonga siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda o‘z qobiliyatlarini to‘la-to‘kis namoyon etish imkonini beradi.

Shu jihatdan tadbir ishtirokchilari gender tenglikni ta’minlash jamiyatning barcha yo‘nalishlardagi taraqqiyotga xizmat qilishini alohida ta’kidladi. “Gender tenglik faoli” milliy tanlovi ham, avvalo, shu maqsadlarga xizmat qilishi aytib o‘tildi. Qolaversa, tanlov mamlakatimizda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritishga qaratilgan.
An’anaviy tarzda o‘tkazilishi rejalashtirilgan tanlovda har joriy yil yakunlari bo‘yicha gender tenglikni ta’minlash sohasida yuqori natijalarga erishgan, bu borada jamiyat rivoji uchun tashabbus ko‘rsatayotgan, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, o‘z sohasiga tegishli yo‘nalishlarda dolzarb vazifalarni amalga oshirayotgan vazirliklar, idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari va jurnalistlar ishtirok etadi.
Tanlov bir qancha asosiy nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkaziladi. “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol vazirlik/davlat muassasasi tashkilot va idoralar”; “Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilgan eng yaxshi huquqni muhofaza qilish organi”; “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol hokimlik”; “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol NNT”; “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol tadbirkorlik faoliyati sub’ekti” kabi yo‘nalishlar shular jumlasidan.

Shuningdek, “Gender tenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan eng yaxshi TV-dastur”; “Gender tenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan Internetdagi eng yaxshi veb-sayt yoki portal”; “Gender tenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan eng yaxshi nashr” kabi qo‘shimcha nominatsiyalarda ham sovrindorlar aniqlanadi.
Mazkur milliy tanlov gender tenglikni ta’minlash yo‘nalishida davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan амалга oshirilgan ishlarning ijtimoiy ahamiyati, tadbiq etilgan loyihalarning davomiyligi, vazirlik, tashkilot, idoraning rasmiy veb saytida gender tengligi sahifasining mavjudligi kabi mezonlar asosida o‘tkaziladi.
G‘oliblar nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan dekabr oyida aniqlanadi.
O‘zA