Gender tengligi – manfaatlar hamohangligi
Sharq qomusiy olimi Abu Nasr Forobiy “Fozil odamlar shahri” asarida tenglik hukm surgan davlatni fozillikka intilgan davlat sifatida qayd etgan.
Kundalik hayotiy tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, xalq farovonligi, jamiyat tinchligi hamda iqtisodiy barqarorlikda erkak va ayolning teng huquqliligi muhim o‘rin tutadi. Gender tengligini ta’minlash bo‘yicha davlat miqyosida ishlab chiqilgan qonun va dasturlar ham muhim ahamiyatga ega.
"Gender" tushunchasi faqat ayollar manfaatlarini ifodalamaydi. Balki har ikki jins vakillarining o‘z orzu va maqsadlari sari dadil odimlashi, hayot sifatini oshirish uchun bir xil imkon berish kerakligini ilgari suradi. Aynan rivojlangan jamiyatning talablaridan biri bu erkak va ayol huquqlari tengligining ta’minlanishidadir.

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi a’zolari bilan uchrashdik. Muloqot davomida Madaniyat vazirligi va uning tizimlarida gender tenglik siyosati va uning ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan fikr-mulohaza almashdik.
Muloqotimiz qiziqarli va samimiy suhbat asosiga qurildi. Komissiya a’zolari tomonidan vazirlikda tashkil etilgan ishlar sarhisobi yuqori baholandi. Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtojlar ro‘yxati shakllantirilib, ayollarga nisbatan bevosita va bilvosita kamsitish holatlari o‘rganilganligi, gender tenglik masalalari aks etgan spektakllar sahnalashtirilganligi, videoroliklar tayyorlanib, ayollar orasidan rahbar kadrlar zahirasining shakllantirilganligi e’tirof etildi. Shu bilan birga, keyingi targ‘ibot-tashviqot ishlarida vazirlik bilan hamkorlik qilish taklifi ilgari surildi.
Aytish joizki, Komissiya a’zolari tomonidan berilgan takliflar yuzasidan Madaniyat vazirligi imkoniyatlaridan kelib chiqib, gender tengligi mavzusidagi targ‘ibot ishlarida hamkorlikka tayyormiz.
Jamol Nosirov,
Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari.
O‘zA