Gaz yetkazib berishda yangi tizim
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 avgustdagi “Aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga kundalik hayotda foydalanish uchun suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ma’rufxon Xo‘jayev taklifi bilan yangi tizim yo‘lga qo‘yilib, Namangan shahrining Davlatobod tumani prokuraturasi bilan hamkorlikda amaliyotga tatbiq etildi.
– Yangi tizimni keng tushuntirish bo‘yicha Davlatobod tumanida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda “Hududgazta’minot” rahbari tomonidan prokuratura xodimlari, MFY raislari va profilaktika inspektorlariga tushuncha berildi, – deydi “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali direktori Ibrohimjon Mamajonov. – Mazkur tizim asosida belgilangan tartibda to‘ldirilgan maishiy gaz ballonlari grafik bo‘yicha Davlatobod tumanidagi Yuksalish mahallasi hududiga prokuratura xodimi, mahalla raisi va profilaktika inspektori hamrohligida xonadonma-xonadon tarqatildi hamda to‘lovlar “ID” kartalar orqali qabul qilindi.


Ushbu yangi tizim orqali hududlarga suyultirilgan gazni yetkazib berishda uzluksizlikni yo‘lga qo‘yish va korrupsion holatlarni oldini olish orqali iste’molchilarga qulaylik yaratish maqsad qilingan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.