Gaz xavfsizligi avvalo inson hayotiga daxldordir
Qishning sovuq kunlarida xonadondagi bir burchakdan taralayotgan iliqlik inson uchun oddiy qulaylikdek tuyuladi. Ammo ana shu iliqlik ortida qanchadan-qancha mas’uliyat, mehnat va eng muhimi, inson hayoti xavfsizligi uchun javobgarlik mujassam. Tabiiy gaz — turmushimizda eng zarur ne’matlardan biri. Biroq undan foydalanishda xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilish, gaz tarmoqlarini mavsumga puxta tayyorlash har qachongidan ham muhim.
Bugun mamlakatimizda aholiga sifatli va xavfsiz kommunal xizmat ko‘rsatish, energetika tarmoqlarini modernizatsiya qilish, iste’molchilar uchun munosib sharoit yaratishga davlat siyosati darajasida alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tashabbuslari asosida gaz ta’minoti tizimida infratuzilmani yangilash, eskirgan tarmoqlarni bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilish, avariyalarning oldini olish va aholiga gazni barqaror hamda xavfsiz yetkazib berish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu ezgu maqsadlar Buxoro viloyatining Kogon shahri va Kogon tumanida ham izchil amaliy ishlar bilan uyg‘unlashmoqda.
“Kogontumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, mavjud gaz tarmoqlarining texnik holatini yaxshilash va iste’molchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Bu jarayonni raqamlar bilan ifodalaydigan bo‘lsak, bugunga qadar qariyb 2 kilometr gaz quvuri mukammal ta’mirlandi. Yana 10 kilometr gaz tarmog‘ida tashqi ko‘rinishini tartibga keltirish va estetik holatini yaxshilash ishlari amalga oshirildi. E’tiborli jihati shundaki, ishlarning asosiy qismi ko‘zga ko‘rinadigan ta’mirlash bilan cheklanib qolmayapti. Mutaxassislar tarmoqlarning yer ostidagi holatiga ham jiddiy e’tibor qaratmoqda. Xususan, 77 kilometr yer osti gaz quvurining texnik holati tekshirildi. Bu oddiy raqam emas. Chunki yer ostidagi har bir metr quvur ortida minglab xonadonlarning osoyishtaligi, korxona va tashkilotlarning barqaror faoliyati, eng muhimi, insonlar hayoti va salomatligi turibdi.


Mavsumni muammosiz o‘tkazishda gaz tarmoqlaridagi bosimni me’yorda ushlab turish, gaz maromlash qurilmalarining soz holatda bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda 3 ta gaz maromlash qurilmasi yangilandi, 450 dan ortiq qurilma taftishdan o‘tkazildi. Shuningdek, qariyb 3 ming nafar iste’molchining tabiiy gaz ta’minoti ikki bosqichli tizimga o‘tkazildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday ishlar birinchi navbatda gaz ta’minoti barqarorligini oshirish, bosimdagi keskin o‘zgarishlarning oldini olish va iste’molchilarga tabiiy gazni yanada xavfsiz yetkazib berish imkonini beradi.
“Kogontumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi bosh muhandisi Sa’dullo Shodiyevning ta’kidlashicha, mavsumga tayyorgarlik bir kunlik yoki mavsumiy tadbir emas, balki tizimli va uzluksiz jarayondir.
— Bugungi kunda asosiy maqsadimiz — iste’molchilarni tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash barobarida, uning xavfsiz yetkazib berilishini kafolatlash. Shuning uchun har bir gaz quvuri, har bir gaz maromlash qurilmasi va har bir tarmoqni jiddiy nazoratdan o‘tkazyapmiz. Qariyb 2 kilometr gaz quvurining mukammal ta’mirlangani, 77 kilometr yer osti tarmoqlarining tekshirilgani, 450 dan ortiq gaz maromlash qurilmasi taftishdan o‘tkazilgani — ana shu mas’uliyatning amaliy ifodasidir, — deydi Sa’dullo Shodiyev. Bosh muhandisning qayd etishicha, ishlarning har bir bosqichida xavfsizlik birinchi o‘rinda turibdi.
— Gaz ta’minotida “mayda ish” degan tushuncha bo‘lmasligi kerak. Bir qarashda arzimasdek ko‘ringan nosozlik ham keyinchalik jiddiy muammoga aylanishi mumkin. Shu bois tarmoqlarni mavsumga tayyorlashda har bir uchastka, har bir qurilma va har bir iste’molchigacha bo‘lgan tizim alohida e’tibor bilan ko‘rib chiqilmoqda. Maqsadimiz — qish mavsumini nafaqat barqaror, balki xavfsiz o‘tkazish, — deydi u.


Amalga oshirilayotgan ishlar yakuniga yetgach, Kogon shahridagi qariyb 9 ming, Kogon tumanidagi 5 mingdan ortiq iste’molchining tabiiy gaz ta’minoti yanada yaxshilanishi kutilmoqda. Bu — o‘n minglab insonlarning xonadonlarida qishning sovuq kunlarini xotirjam o‘tkazishi uchun yaratilayotgan muhim sharoitdir. Biroq bu yerda masalaning yana bir muhim jihati bor. Gaz ta’minotida xavfsizlik faqat ta’minotchi tashkilotning vazifasi emas. Har bir xonadon egasi ham gaz jihozlaridan to‘g‘ri foydalanishi, ularni o‘zboshimchalik bilan ta’mirlamasligi, mo‘ri va shamollatish tizimlarini muntazam tekshirib turishi lozim. Chunki mukammal ta’mirlangan quvur ham, zamonaviy gaz qurilmasi ham undan noto‘g‘ri foydalanilsa, xavf manbaiga aylanishi mumkin. Ko‘pincha inson uyidagi gaz plitasini yoqqanda yoki issiq xonada bemalol o‘tirganda bu qulaylik ortida turgan katta mehnatni sezmaydi. Ammo qish mavsumi oldidan kechayu kunduz ishlayotgan mutaxassislar uchun har bir kilometr gaz quvuri, har bir qurilma va har bir xonadon — alohida mas’uliyat. Kogon shahri va tumanida olib borilayotgan ishlar ham ana shu mas’uliyatning yorqin namunasidir.
Qariyb 2 kilometr quvur ta’mirlanmoqda. 77 kilometr yer osti tarmog‘i tekshirilmoqda. Yuzlab qurilmalar taftishdan o‘tkazilmoqda. Minglab iste’molchilarning ta’minoti yangi, yanada ishonchli tizimga o‘tkazilmoqda. Zero, raqamlar — shunchaki statistika emas. Ularning har biri ortida inson bor. Har bir ta’mirlangan quvur — bir oilaning xotirjamligi, har bir tekshirilgan qurilma — bir xonadonning xavfsizligi, har bir yangilangan tarmoq esa ertangi kunga ishonch demakdir. Shu ma’noda, gaz xavfsizligi — bu faqat texnik vazifa emas. Bu inson hayotiga, uning osoyishtaligi va farovonligiga bo‘lgan yuksak mas’uliyatdir. Kogonda bu mas’uliyatni his qilgan holda olib borilayotgan ishlar esa qish faslini har bir xonadon uchun iliq, osuda va eng muhimi, xavfsiz o‘tkazishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri