Gaz va havo aralashmasi chaqnashidan ehtiyot bo‘ling
Surxondaryo viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va quyi tizim xodimlari tomonidan kuz-qish mavsumi davomida yong‘in, is gazidan zaharlanish, gaz va havo aralashmasining chaqnashi hamda boshqa favqulodda holatlarning oldini olish yuzasidan tegishli profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta’minlash uchun davlat yong‘in nazorati va yong‘in qutqaruv qismi viloyat hududida mavjud 54 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatida 364, 1 ming 485 ta ko‘p qavatli uylarda 2 ming 550, 721 ta mahallada 1 ming 379 marta o‘rganish o‘tkazdi. 554 ming 938 ta aholi turar joylaridan 278 ming 837 tasi va 120 ta dala hovli to‘liq tekshirildi.
Ko‘p qavatli uylarda mavjud 1 ming 945 ta chordoq va 870 ta yerto‘la qulflandi. O‘tkazilgan o‘rganish va tekshiruvlar chog‘ida ko‘p qavatli uylarda aniqlangan 4 ming 544 ta kamchilikdan 4 ming 299 tasi, shaxsiy aholi turar joylarida aniqlangan 12 ming 21 ta kamchilikdan 11 ming 777 tasi bartaraf etildi. Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan 295 nafar javobgar shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 211-moddasi, 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 1 million 25 ming 27 so‘m jarima undirildi. Zudlik bilan bartaraf etilmasligi yong‘in sodir bo‘lishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan 1 ming 143 ta elektr uskuna, moslama va agregatlardan foydalanish taqiqlandi.

Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan 307 nafar fuqaro mahallalarda, 263 nafar fuqaro xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarida muhokama etildi. Ijtimoiy soha ob’ektlari va tadbirkorlik sub’ektlarida ham o‘rnatilgan tartibda yong‘in-texnik tekshiruvi o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Termiz shahridagi Matbuot uyida Surxondaryo viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi kuz-qish mavsumida yong‘in, is gazidan zaharlanish, gaz va havo aralashmasining chaqnashi bilan bog‘liq masalalarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida shu haqda atroflicha ma’lumot berildi.
– Is gazidan zaharlanish, gaz va havo aralashmasining chaqnashi bilan bog‘liq hodisalarning keskin oshgani kuzatilmoqda, – dedi viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Sharof Shukurov.– Hisobot davrida 19 ta is gazidan zaharlanish, 25 ta gaz va havo aralashmasining chaqnashi bilan bog‘liq ko‘ngilsiz hodisa yuz berdi. Bu raqamni tahlil qiladigan bo‘lsak, o‘tgan yillarga nisbatan ancha oshgani ma’lum bo‘ladi.
Masalan, o‘tgan yili dekabr oyida Boysun tumanidagi ikki qavatli uylarning biri ikkinchi qavatidagi xonadonda uy balkoniga o‘rnatilgan gaz plitasiga suv qizdirish uchun gugurt yoqqanida gaz quvuridan sizib chiqib, xona ichiga yig‘ilib turgan tabiiy gaz va havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgan. Oqibatda xonadon sohibining turmush o‘rtog‘i voqea joyida vafot etgan. Uch nafar farzandi turli darajadagi kuyish tan jarohati bilan shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Xodimlarimizning aholi xonadonlarida bo‘lib, profilaktik tushuntirish ishlarini olib borayotganiga, joylarda targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirayotganiga qaramay, bunday voqealarning yuz berayotgani achinarlidir.
Matbuot anjumanida bunday ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri