Gaz ta’minoti yangi bosqichga chiqmoqda
Bugungi kunda Buxoro viloyatida 167 mingdan ortiq suyultirilgan gaz iste’molchilari mavjud bo‘lib, yangi uy-joylar qurilishi va aholi soni ortib borayotgani sababli bu ko‘rsatkich yil sayin o‘smoqda.
Aholining mazkur xizmatdan samarali va shaffof foydalanishini ta’minlash maqsadida yangi tartib joriy etildi. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 17-apreldagi qarori bilan “Turar joy xonadonlarini maishiy gaz ballonlari bilan ta’minlashda davlat xizmatini ko‘rsatish”ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Mazkur qarorga muvofiq, 2026-yil 1-iyundan boshlab jismoniy shaxslarni maishiy gaz ballonlari bilan ta’minlash xizmati Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi. Bu esa aholi uchun ortiqcha ovoragarchiliklarni kamaytirish, murojaatlarni tezkor ko‘rib chiqish va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Yangi tartibga ko‘ra, murojaat kelib tushgan kuni vakolatli operator tomonidan ma’lumotlar “Ye-gaz” axborot tizimida shakllantiriladi. Bir ish kuni mobaynida arizada keltirilgan ma’lumotlar tekshiriladi. Keyingi bosqichda esa uch ish kuni ichida mutaxassislar ariza beruvchining yashash manziliga chiqqan holda o‘rganish ishlarini amalga oshiradi va tegishli dalolatnoma rasmiylashtiradi.
— Raqamlashtirish tizimidan asosiy maqsad korrupsiyaning oldini olish, gaz ballonini ariza egasiga o‘z vaqtida yetkazib berish va ortiqcha qog‘ozbozliklarni kamaytirishdan iborat, — deydi “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Bobirjon Mamedov.
Ma’lum qilinishicha, maishiy gaz ballonlari asosan tabiiy gaz tarmog‘i yetib bormagan hududlarda istiqomat qiluvchi jismoniy shaxslarga ajratiladi. Ayni paytda gaz ta’minoti tashkilotlari xodimlari tomonidan aholi o‘rtasida yangi tartibning mazmun-mohiyati bo‘yicha keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Viloyatda suyultirilgan gaz ta’minoti sohasida joriy etilayotgan yangi tizim aholiga qulaylik yaratish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va shaffoflikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lmoqda. Bu esa fuqarolarning hayot sifatini yaxshilash va kommunal xizmatlar samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov, O‘zA