Gaz ta’minotida AKTning o‘rni
Mamlakatimizda aholini tabiiy gaz bilan ta’minlash, undan tejamkorlik bilan foydalanish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. “G‘arbgazta’minot” unitar korxonasi Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan ham iste’molchilar uchun yetkazib berilayotgan tabiiy gaz ta’minotini yanada yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda aholini tabiiy gaz bilan ta’minlash, undan tejamkorlik bilan foydalanish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. “G‘arbgazta’minot” unitar korxonasi Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan ham iste’molchilar uchun yetkazib berilayotgan tabiiy gaz ta’minotini yanada yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.Prezidentimizning 2006-yil 8-avgustdagi “O‘ztransgaz” aksionerlik kompaniyasi faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq kompaniya tizimida gaz taqsimlash tarmoqlarini rivojlantirish va ulardan foydalanish, tabiiy gazni iste’molchilarga yetkazib berish va sotish, undan oqilona foydalanish samaradorligini oshirish va to‘lov intizomini mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
– Barcha sohalar qatori gaz ta’minoti korxonalari tomonidan ham sarflangan gaz uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida qabul qilish maqsadida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda, – deydi “G‘arbgazta’minot” unitar korxonasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari N.Nabiyev. – To‘lovlarni masofadan turib qabul qilish, ma’lumotlarni avtomatik tarzda bazaga kiritish tezkor hisob-kitob tizimini amalga oshirishda muhim omil bo‘lmoqda. Tizimli ishlar samarasida viloyatda joriy yilning birinchi choragida aholi va yuridik shaxslarning debitorlik qarzlari sezilarli darajada kamaydi. Noqonuniy gaz tarmoqlariga ulanish holatlari aniqlanib, aybdorlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Viloyatda tabiiy gazdan foydalanishni aniq, ishonchli va to‘liq hisobga olish, iste’molchilarning to‘lov intizomini ta’minlash imkonini beradigan yangi elektron hisoblash uskunalarini o‘rnatish orqali tabiiy gazni hisobga olish tizimini yanada takomillashtirishga erishilmoqda. Shu paytga qadar tuman va shahar gaz ta’minoti korxonalari gaz quvurlarining kirish qismiga 67 elektron gaz hisoblagich uskunasi o‘rnatilgan. Mahallalardagi asosiy kirish gaz quvurlari uchun 452 elektron gaz hisoblagichlar o‘rnatish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 2-oktabrdagi “Tadbirkorlik subyektlarini elektr va gaz tarmoqlariga foydalanishga tayyor holda ulash tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida viloyatda “Yagona darcha” markazlari tomonidan qulay va tezkor xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Joriy yilning birinchi choragida tuman va shaharlar “Yagona darcha” markazlariga kelib tushgan 145 murojaatning barchasi ijobiy hal etilgan.
Muxtasar aytganda, gaz ta’minoti tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilayotgani gaz iste’molini hisobga olish va nazorat qilish tizimi, foydalanilgan tabiiy gaz uchun hisob-kitob mexanizmini takomillashtirish, tabiiy gazdan oqilona foydalanishda iste’molchilar mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.