“Gaz-kimyo va energetika” ilg‘or muhandislik maktabi ochildi
Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 20 iyun kuni muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida texnika oliygohlarida muhandis kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, ilm-fan, ta’lim hamda ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyani yanada kuchaytirish bo‘yicha muhim vazifalar muhokama qilingandi.
Jumladan, oliygohlarda “Ilg‘or muhandislik maktablari” tashkil etish, ushbu maktablarda ikki yillik amaliy magistratura dasturlari yo‘lga qo‘yilib, ishlab chiqaruvchilar buyurtmasi asosida yuqori malakali yangi avlod muhandislarini tayyorlash vazifalari belgilab berildi.
Mana shu topshiriqlar ijrosi doirasida Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti va “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi” MCHJ hamkorligida “Gaz-kimyo va energetika” ilg‘or muhandislik maktabining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Maktabning ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ mas’ul xodimlari, viloyat hokimi, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi” MCHJ rahbariyati, xodimlari, professor-o‘qituvchilar, talabalar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
[gallery-19723]
Kelgusida ushbu maktabda sanoat hamkorlarining ehtiyojlari va atrof-muhit talablarini hisobga olgan holda yuqori va ko‘p tarmoqli texnologiyalarni o‘zlashtirgan, o‘zgaruvchan muhitga moslashish qobiliyatiga ega, kreativ va tashabbuskor, hamkorlik va jamoaviy ishlashga qodir bo‘lgan, “muhandis-tadqiqotchi” ko‘nikmasiga ega yuqori malakali yangi avlod muhandis kadrlar tayyorlanadi.
“Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi” MCHJ hududida joylashgan muhandislik maktabining zamonaviy o‘quv binosidagi 4 ta amaliy mashg‘ulotlar xonasi, axborot-resurs markazi, zavoddagi markaziy laboratoriya, elektr ta’minoti sexi elektrotexnika laboratoriyasi, metrologiya xizmati qiyoslash laboratoriyasi hamda atrof-muhit muhofazasi xizmati eko-analitik laboratoriyasi ta’lim oluvchilar ixtiyorida. Ular ikki yil davomida neft va gazni qayta ishlash texnologiyasi, elektr ta’minoti va kimyoviy texnologiya mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlanadi.
Talabalarga QarMII hamda Malayziyaning Petronas texnologiyalar universiteti, Germaniyaning Drezden texnika universiteti, Rossiyaning Tomsk texnika universiteti, Belarus milliy texnika universiteti professor-o‘qituvchilari, korxonaning tajribali mutaxassislari ta’lim beradi.
Maktabning o‘quv-uslubiy ta’minoti jahondagi TOP-300 universitetlarning chuqurlashtirilgan modulli o‘quv dasturlari, o‘quv rejalari, xorijda chop etilgan darslik va o‘quv qo‘llanmalar, ilg‘or pedagogik texnologiyalar majmuasi bilan boyitilgan.
2024-2025 o‘quv yilining o‘zida 24 nafar magistr, 6 nafar yosh olim va doktorantlar ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil etish, korxonaning ilmiy texnologik muammolari bo‘yicha jami 3 milliard so‘mlik 3 ta ilmiy loyiha bajarilishi rejalashtirilgan. 2025-2026 yillarda esa 20 dan ortiq magistrlik va 3 ta doktorlik dissertatsiyalari himoya qilinadi, 2 ta innovatsion ishlanma ishlab chiqarishga joriy etiladi. SHGKM va QarMII olimlari hammuallifligida 2 ta ilmiy ixtiroga talabnoma topshiriladi. 10 dan ortiq mavzularda ilmiy texnologik muammolarning muhandislik yechimlari ishlab chiqiladi.
– Biz bu yerda birinchi navbatda, magistrlardan iborat guruhni shakllantirdik, – deydi Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti rektori Orifjon Bozorov. – Ular ishtirokida institut va korxona mutaxassislari tomonidan dual ta’lim asoslari yo‘lga qo‘yiladi, zamonaviy laboratoriyalarda ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladi, birgalikda korxonaning ish jarayonidagi muammolarini bartaraf etish choralari ko‘riladi. Bu sa’y-harakatlarning barchasi iqtidorli yoshlarning va yosh olimlarning o‘z salohiyatini yanada keng namoyon etishi, o‘z ustida ishlashi, ilmiy tadqiqot ishlarini izchil amalga oshirishi uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Natijada yurtimiz iqtisodiyoti tobora rivojlanadi. Yoshlarning o‘z bilimi, mahoratiga bo‘lgan ishonchi, qat’iyati ortadi. Professor-o‘qituvchilarning mas’uliyati, yangiliklarni o‘zlashtirish va ta’lim tizimida joriy etishga bo‘lgan intilishi yanada kuchayadi.
Shuningdek, tadbir doirasida “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi” MCHJ tomonidan o‘tkazilgan stipendiyalar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi hamda yosh olimlarning ilmiy tadqiqot ishlari taqdimotlari namoyishi tashkil etildi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari