Gaz jihozlari va dudburonlarning texnik holati ko‘zdan kechirilmoqda
Qish mavsumi yaqinlashar ekan, xonadonlarda isitish moslamalari, gaz jihozlari va dudburonlarning sozligi masalasi yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi. Chunki sovuq kunlarda gazdan foydalanish hajmining ortishi bilan bir qatorda, xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslik oqibatida is gazidan zaharlanish va yong‘in bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar xavfi ham ortadi.
Shu bois aholi xavfsizligini ta’minlash, ayniqsa, is gazidan zaharlanishning oldini olish maqsadida joylarda profilaktik-tushuntirish ishlari kuchaytirilmoqda. Bu jarayonda asosiy e’tibor faqat targ‘ibot bilan cheklanib qolmasdan, mavjud muammolarni xonadonma-xonadon o‘rganish, xavfli holatlarni aniqlash va ularning oldini olishga qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan aholi xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va profilaktika ishlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Xususan, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida energiya resurslaridan xavfsiz va oqilona foydalanish, hududlardagi muammolarni mahallabay o‘rganish hamda ularni barvaqt bartaraf etish muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Xo‘sh, aholi mavsumga qanchalik tayyor? Buxoro viloyati Romitan tumanida gaz ta’minoti hamda Favqulodda vaziyatlar bo‘limi mas’ullari ishtirokida o‘tkazilayotgan o‘rganishlar bu savolga jiddiy yondashish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Mutasaddilar tumanning bir qator mahallalaridagi xonadonlarga kirib, gaz jihozlari va dudburonlarning texnik holatini ko‘zdan kechirmoqda. O‘rganishlar davomida ayrim xonadon egalari hali mavsumga to‘liq tayyorgarlik ko‘rmagani ma’lum bo‘ldi.
Xususan, ayrim xonadonlarda dudburonlarning nosozligi, noto‘g‘ri o‘rnatilgani, o‘z vaqtida tozalanmagani, shuningdek, eskirgan yoki nostandart gaz jihozlaridan foydalanilayotgani aniqlandi.

Bu shunchaki maishiy kamchilik emas. Aslida, dudburonning bir qarashda ko‘zga tashlanmaydigan nuqsoni inson hayoti uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Mutaxassislarning tushuntirishicha, dudburonlar orqali yonuv mahsulotlarining tashqariga to‘liq chiqib ketmasligi xonadon ichida is gazi to‘planishiga olib kelishi mumkin. Is gazining eng xavfli jihati shundaki, u rangsiz va hidsiz bo‘lib, inson xavfni sezmasdan zaharlanishi ehtimoli yuqori. Shuning uchun dudburonning shunchaki mavjud bo‘lishi emas, balki uning texnik jihatdan sozligi, to‘g‘ri o‘rnatilgani va muntazam tozalab turilishi hayotiy ahamiyatga ega.
Afsuski, o‘rganishlar jarayonida ayrim fuqarolar dudburonlarni turli buyumlar bilan berkitib qo‘ygani yoki ularni uzoq vaqt davomida tozalatmagani ham aniqlanmoqda. Ayrim holatlarda esa nostandart gaz moslamalaridan foydalanish holatlariga duch kelinmoqda.
Mutaxassislar tomonidan xonadon egalariga bunday holatlarning oqibatlari atroflicha tushuntirilib, gaz jihozlari va dudburonlarni o‘rnatish, ulardan foydalanish hamda texnik xizmat ko‘rsatish qoidalari bo‘yicha zarur tavsiyalar berilmoqda. Eng muhimi — xavfni sodir bo‘lgandan keyin emas, undan oldin bartaraf etish.
Bugun bir necha daqiqa vaqt ajratib dudburonni tekshirtirish, gaz jihozining sozligini ko‘zdan kechirish yoki nosoz moslamani almashtirish orqali ertangi fojianing oldini olish mumkin.

Aslida, xavfsizlik faqat mutasaddi tashkilotlarning vazifasi emas. Gazdan foydalanuvchi har bir xonadon sohibi ham o‘z xavfsizligi uchun mas’ul. Shu ma’noda profilaktika tadbirlarining xonadonbay tashkil etilayotgani muammoning ildizini aniqlash va odamlarda shaxsiy mas’uliyatni kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, bolalar, keksalar va oila a’zolari ko‘p vaqt uyda bo‘ladigan xonadonlarda bu masalaga yanada jiddiy yondashish talab etiladi.
Romitan tumanida boshlangan hamkorlikdagi ishlar shu maqsadga qaratilgan: xavfli holatlarni barvaqt aniqlash, aholiga aniq va hayotiy misollar asosida tushuntirish berish, mavsumni talafotsiz o‘tkazish uchun zarur choralarni oldindan ko‘rish. Zero, bir marta tekshirilmagan dudburon, bir marta e’tiborsiz qoldirilgan gaz jihozi ortida inson hayoti turishi mumkin. Shu bois xavfsizlik qoidalariga amal qilishni ertaga qoldirmaslik kerak. Chunki ehtiyot choralari uchun sarflangan bir necha daqiqa — inson hayotini asrab qolishi mumkin bo‘lgan eng muhim vaqtdir. Hududlardagi profilaktik va targ‘ibot ishlari viloyatning boshqa tumanlarida ham izchil davom ettirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri