“G‘amxo‘rlik” guruhlari tashkil etildi (+video)
Bolalarga mehr-e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish xalqimizga xos ezgu fazilatlardan hisoblanadi. Yurtimizda ularga avlod davomchilari, kelajagimiz vorislari sifatida qaraladi va ularning hech kimdan kam bo‘lmay ulg‘ayishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda hattoki nogironligi bo‘lgan bolalar ham e’tibordan chetda emas. Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 25 yanvardagi “Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning ta’lim olishlarini tashkil etish va ularni reabilitatsiya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktab, maktab-internatlarda qisqa muddatli ta’lim va tarbiya berishga mo‘ljallangan “G‘amxo‘rlik” guruhlari tashkil etilmoqda.
Jumladan, Navoiy shahridagi 16-sonli ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotida ham alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan og‘ir darajadagi sog‘lig‘ida nuqsoni bor bolalar uchun qisqa muddatli “G‘amxo‘rlik” guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

– Navoiy shahrida “G‘amxo‘rlik” guruhining ochilganini eshitib xursand bo‘ldim, – deydi Ruxsora Rustamova. – Qizimni ertalab olib kelib qo‘yganimdan keyin barcha ishlarimni qilib kelishga qulay bo‘ldi. Davlatimizga katta rahmat. Endi xavotirlanmayman. Bu yerda yaratilgan sharoitlar juda ham yaxshi. Tanishib chiqdim. Menga yoqdi.

Shuningdek, Qiziltepa tumanidagi 36-sonli alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida ham “G‘amxo‘rlik” guruhi tashkil etildi. Mazkur guruhga 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan ixtisoslashtirilgan maxsus ta’lim muassasalariga qamrab olinmagan bolajonlar qabul qilindi. Ular malakali mutaxassislar tomonidan parvarishlanib, ta’lim-tarbiyaga jalb etilgan holda jamiyatga moslashishiga ko‘maklashilmoqda.
Ushbu guruhlarning tashkil etilishi birinchi navbatda ota-onalarga “ijtimoiy hordiq” imkoniyatini yaratmoqda.

– Bugun bizning tumanimizda ham “G‘amxo‘rlik” guruhi ochildi, – deydi qiziltepalik Oysuluv Asadova. – Ochilish tadbiriga kelib, bu yerda bolajonlarimiz uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdim. Tarbiyachilari va pedagoglar jamoasi bilan suhbatlashdim. Sharoitlaridan ko‘nglim to‘ldi. Prezidentimizga rahmat, nogiron bolalarga ham e’tibor qaratgani uchun. Oldin tumanimizda ham nogiron bolalarga ham bog‘cha ochilishini niyat qilib o‘tirar edim. Endi farzandimni o‘qishga berib, o‘zim tikuvchilik bilan shug‘ullanmoqchiman.

Albatta, bugungi kunda olib borilayotgan islohotlar islohot uchun emas, faqatgina inson manfaatlari, inson qadri uchun xizmat qilayotganligi bilan ahamiyatlidir. Demakki, inson manfaatlari mamlakatimizda oliy qadriyat sifatida e’zozlanmoqda, ulug‘lanmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/3vA6grPgPjI?si=BkYa39Adnjl02IOa" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat+video), O‘zA muxbirlari