G‘alladan bo‘shagan maydonlar aholiga beriladi
Sirdaryoda bu yil g‘alladan bo‘shagan 69 ming 457 gektar maydonga takroriy ekin ekish va 726 ming 430 tonna hosil olish rejalashtirilgan.
Ushbu mavsumda ilk bor ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turgan fuqarolarga 12 ming 723 gektar, ishsiz yoshlarga 2 ming gektar va fermer xo‘jaliklari ishchilariga 25 ming 700 gektar g‘alladan bo‘shagan maydonlar bo‘lib beriladi. Bu esa 84 ming nafardan ziyod fuqaroning bandligini ta’minlash imkonini beradi.
Guliston tumanidagi "Sobir Saodat hamkor" fermer xo‘jaligi dalasida viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev, soha mutaxassislari, mas’ullar, yer olib dehqonchilik ishini boshlagan aholi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan amaliy seminarda ushbu yo‘nalishdagi ishlarni tizimli tashkil etish borasida so‘z bordi.
Tumanlar bo‘yicha tuproq-iqlim sharoitiga mos ekinlar yetishtirishga ixtisoslashuv, mo‘l hosil olish uchun esa texnika ta’minoti, yoqilg‘i, urug‘ va boshqa jihatlar e’tiborga olinishi zarurligi, dehqon-fermerlar mahsulotini sotish uchun xaridor qidirmasligi, ularni qayta ishlovchi va eksportyor korxonalarga biriktirish lozimligi ta’kidlandi.
Mas’ullarga takroriy ekin hosilini, avvalo, aholining ichki iste’moli uchun qishloq xo‘jalik mahsulotlari yarmarkalariga chiqarish, kamida 30 foizini eksportga yo‘naltirishni ta’minlash kabi kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar belgilab berildi.
Sh.Suyarov, Sh. Ortiqboyev,(surat),
O‘zA muxbirlari