G‘alla – 2022: bu yil hosil juda mo‘l bo‘ldi
Farg‘ona viloyatining Quva tumanida xalqimizning rizq-ro‘zi bo‘lgan g‘alla hosilini tez va sifatli yig‘ib olish ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.
Shu maqsadda tumanda 19 ta o‘rim-yig‘im otryadlari tashkil etilib, har bir otryadga yuqori unumli kombaynlar, tashish, yoqilg‘i-moylash texnikalari biriktirildi.

Qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, sohaga ilm-fan yutuqlari, innovatsion g‘oyalar joriy etilishi qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarda muhim omil bo‘lmoqda. Ayni jarayonda Farg‘ona viloyatida ham zamonaviy mezonlar asosida bug‘doy navlarini yangilash, agrotexnik tadbirlar jarayoniga qishloq xo‘jaligi olimlarini keng jalb etish, fermer xo‘jaliklari moddiy manfaatdorligini oshirib borishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

– Bu yil 5 ming 755 gektar g‘alla maydonidan 21 ming 102 tonna bug‘doy yig‘ishtirib olishni maqsad qilganmiz, – deydi Quva tumani hokimi Halimjon Umarov. – “Baraka Quva un” g‘allachilik klasteri hamda tumandagi 240 fermer xo‘jaliklari tomonidan belgilangan agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida bajarilishi natijasida mo‘l hosil yetishtirildi. Dastlabki uch ish kunida yigirmaga yaqin fermer xo‘jaliklari shartnoma rejasini bajarib, har gektar yerdan o‘rtacha 85-100 sentnerdan hosil olishga muvaffaq bo‘ldi.

“Sadriddin Quva Ristayev” fermer xo‘jaligi a’zolarining 34,8 gektar yerda yetishtirilgan bug‘doyning har gektaridan olgan hosil salmog‘i 100 sentnerni tashkil etdi. Fermer xo‘jaligi rahbari Azizbek Ristayevning qayd etishicha, tajriba tariqasida xorijdan serhosil g‘alla navi olib kelib ekilgani kutilgan samarani berdi. Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi tasarrufida un zavodi, xizmat ko‘rsatish va servis shoxobchalari faoliyat ko‘rsatadi. Fermer bug‘doydan olinadigan bu yilgi foyda hisobiga 200 tonna sig‘imga ega meva-sabzavot saqlashga ixtisoslashgan muzlatkichli omborxona qurishni rejalashtirmoqda.

– Har kuni davlat omborlariga 80 tonna g‘alla topshiryapmiz, – deydi “Maqsud Mahmud Mansur” fermer xo‘jaligi rahbari Maqsutali Jalilov. – Har yilgidan ko‘ra hosil mo‘l bo‘ldi. Har gektar yerdan o‘tgan yilga nisbatan 5,6 sentner ko‘proq hosil olinyapti. Hisob-kitobimizga ko‘ra, o‘rtacha 85 sentner hosil olish imkonimiz bor. Albatta, bunday mo‘l-ko‘lchilik xalqimiz dasturxoni to‘kinligiga xizmat qiladi.

M. Sulaymonov, O‘zA