Galdagi vazifa hosilni tezroq terib olish
Sirdaryo viloyatining Sirdaryo, Sayxunobod, Guliston, Boyovut, Mirzaobod, Oqoltin, Sardoba, Xovos tumanlarida 2021 yil hosili uchun yetishtirilgan paxta homashyosini yig‘ib-terib olish, yig‘im-terim mavsumining ramziy boshlanishi hisoblangan “Hosil karvoni” tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev, viloyat sektor rahbarlari, SIU raislari, fermerlar hamda tegishli tashkilot vakillari qatnashgan tadbirlarda paxta karvonini qabul qilish oldidan imom-xatiblar tomonidan Qur’on tilovat qilinib, paxta xirmoniga o‘z hissasini qo‘shayotgan barchaga kuch-g‘ayrat hamda barakali hosil tilab duo qilindi. Ho‘kizlar so‘yilib, ehson sifatida mexribonlik uylari va kam ta’minlangan oilalarga yetkazildi.



Tadbirlarda viloyat hokimi paxtakor dehqonlarni agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarib, marraga, ya’ni hosilni yig‘ib olishdek mas’uliyatli mavsumga yetib kelganliklari bilan tabrikladi. Kuch-g‘ayratni so‘ndirmasdan peshana teri evaziga yetishtirilgan paxta hosilini nes-nobud qilmay yig‘ib-terib olishga safarbar qilish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, viloyat hokimi torozixonadagi mas’ullar bilan suhbatlashdi.





Sh.Suyarov,
F.Toshmatov O‘zA.