G‘alaba quvonchi va talabalik shukuhi: "Dolzarb 90 kun" yakuni "Talabalikka bag‘ishlov" bilan uyg‘unlashdi
10-sentabr kuni "Yoshlar" bog‘ida "Dolzarb 90 kun" loyihasi doirasida tashkil etilgan sport musobaqalarining g‘oliblarini taqdirlash marosimi hamda Qo‘qon davlat universitetining yangi o‘quv yiliga bag‘ishlangan "Talabalikka bag‘ishlov" badiiy kechasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov, universitet rektori Dilnoza Xodjayeva, professor-o‘qituvchilar, OAV vakillari, talaba-yoshlar hamda shahar jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni shahar hokimi Marufjon Usmonov va universitet rektori Dilnoza Xodjayeva ochib berib, yoshlarni samimiy qutladilar. Shundan so‘ng, "Dolzarb 90 kun" loyihasi sport musobaqalari g‘oliblarini taqdirlash marosimi b o‘lib o‘tdi. 10 ming nafardan ziyod yosh ishtirok etgan loyiha yakunlariga ko‘ra, sportning turli yo‘nalishlarida munosib natija qayd etgan 132 nafar yosh g‘olib va sovrindor sifatida e’tirof etildi.

Tadbir davomida Qo‘qon davlat universitetining yangi qabul qilingan 1-bosqich talabalari tantanali ravishda talabalik qasamyodini qabul qildilar. Bu onlar yoshlar hayotidagi yangi, mas’uliyatli va unutilmas bosqichning boshlanishi bo‘ldi. Tadbir doirasida Chexiyaning Yevropa amaliy fanlar va menejment instituti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan qo‘shma ta’lim dasturi doirasida bitiruvchi magistrlarga ham diplomlar topshirildi.
Kechada taniqli estrada xonandalari, so‘z ustalari, opera ijrochilari hamda iqtidorli talabalar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, raqslar va sahna chiqishlari yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.

Sport musobaqalari g‘oliblarini taqdirlash marosimi bilan "Talabalikka bag‘ishlov" kechasining bir maydonda o‘tkazilgani esa ta’lim va sportning yoshlar hayotidagi o‘zaro uyg‘unligini yaqqol namoyon etdi.
Hamroz Bayonov,O‘zA