Gʻoyalar turlicha, maqsad mushtarak
Buxoro tumanidagi favvoralar maydonida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal demokratik partiyasi viloyat Kengashi tashabbusi bilan “Birgalikda biz kuchmiz!” shiori ostida tadbir oʻtkazildi.
Saylov – 2019
Buxoro tumanidagi favvoralar maydonida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal demokratik partiyasi viloyat Kengashi tashabbusi bilan “Birgalikda biz kuchmiz!” shiori ostida tadbir oʻtkazildi.
Deputatlar, partiya faollari, adabiyot, sport, madaniyat sohasi vakillari, tadbirkor va fermerlar, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda joriy yil dekabr oyida oʻtkaziladigan saylovlar butunlay yangicha muhitda, yangicha huquqiy sharoitda tashkil etilishi taʼkidlandi. Bu siyosiy jarayonga OʻzLiDep ham jiddiy tayyorgarlik koʻrayotgani, partiyaning yangi Saylovoldi dasturida belgilanayotgan asosiy gʻoya va vazifalar haqida maʼlumot berildi.
Taʼkidlash joizki, yangi Saylov kodeksi saylovning qonuniylik, shaffoflik, ochiqlik sharoitida oʻtishiga xizmat qiladi. Shu bois ushbu siyosiy jarayon oldidan partiyaning Saylovoldi dasturi, siyosiy platformasi ishlab chiqilib, yangi gʻoyalar oʻrtaga tashlanmoqda. Bu galgi saylovda partiya “Davlat ham, islohotlar ham avvalo insonga xizmat qilish kerak”, degan gʻoyani ilgari surmoqda. Dasturni esa kabinetda oʻtirib emas, partiya faollari, oddiy odamlar bilan bamaslahat yozishga eʼtibor qaratilgani muhim ahamiyatga ega.
Partiya oʻz dasturida qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhitni yaratish, xususiy mulk huquqi va kafolatlarining ishonchli himoyalanishini taʼminlash, tadbirkorlik rivojlanishi yoʻlidagi barcha toʻsiq va cheklovlarni olib tashlash, “Biznesni yuritish”, global raqobatbardoshlik, innovatsiyalar, sanoatning raqobatbardoshligi indekslari boʻyicha dunyoning yetakchi 50 ta mamlakati qatoridan Oʻzbekistonning munosib oʻrin egallashini taʼminlash, yetakchi xalqaro va xorijiy moliya institutlari bilan aloqalarni kengaytirishning istiqbollariga qaratilgan aniq vazifalarni qamrab olgan.
– Hammaga maʼlumki, bu yilgi saylovlar qabul qilingan “Saylov toʻgʻrisida” kodeks asosida oʻtkaziladi, – deydi partiya Buxoro tumani kengashi raisining birinchi oʻrinbosari-apparat rahbari Sattor Bafoyev.– Mazkur kodeksda saylovlarning shaffof, ochiq va oshkora oʻtishi belgilab qoʻyilgan. Partiyamiz tomonidan ham boʻlajak saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Shu bilan birga joylarda deputatlar, partiyamiz liderlari hamda targʻibot guruhlari aʼzolari ishtirokida davra suhbatlari, seminar-treninglar hamda ochiq muloqotlar oʻtkazilmoqda. Bugungi tadbir ham ana shu ishlarning uzviy davomidir.
Tadbirda taniqli sanʼatkorlarning chiqishlari yigʻilganlarga xush kayfiyat ulashdi.
Zarif KOMILOV