Gʻoyalar turlicha – maqsad mushtarak
Toshkent viloyati Nurafshon shahrida “Adolat har bir inson uchun!” shiori ostida saylovoldi targʻibot tadbiri oʻtkazildi.
Toshkent viloyati Nurafshon shahrida “Adolat har bir inson uchun!” shiori ostida saylovoldi targʻibot tadbiri oʻtkazildi.
Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Toshkent viloyati kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda partiya faollari, deputatlikka nomzodlar, saylovchilar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, bu yilgi saylovlar “Yangi Oʻzbekiston:Yangi saylovlar” shiori ostida mutlaqo yangicha koʻrinish, demokratik prinsiplarga xos boʻlgan ochiqlik va oshkoralik mezonlariga asosan oʻtmoqda.
Yangi qabul qilingan Saylov kodeksiga muvofiq, saylovoldi targʻibot-tashviqot tadbirlari, partiya faollari ishtirokidagi miting va aksiyalar, shuningdek, nomzodlar hamda ishonchli vakillarning saylovchilar bilan yuzma-yuz uchrashuv va muloqotlari oʻta qizgʻin va koʻtarinki ruhda tashkil etilayotgani partiyalarning siyosiy maydondagi mavqeini oshirib, xayrixohlari safi kengayishiga xizmat qilayotir.
– Markaziy saylov komissiyasi qaroriga muvofiq, partiyamiz tomonidan Toshkent viloyatidagi 13 ta saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 13 nafar, viloyat kengashiga 60 nafar, tuman va shahar kengashlari deputatligiga 600 nafar nomzod koʻrsatilgan, – deydi partiya viloyat kengashi raisi Umid Shoumarov. – Nomzodlar viloyat boʻylab saylovoldi tashviqoti doirasida oʻzlarining 5 yilga moʻljallangan dasturi bilan saylovchilarni tanishtirish barobarida, ularning munosabati va fikrlarini oʻrganib bordi.
Tadbirda partiya faoliyati, amaliy ishlari va erishayotgan natijalari, deputatlikka nomzodlarning ilgari surayotgan tashabbuslari haqida atroflicha maʼlumot berildi.
– Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga boʻlib oʻtadigan saylovlarga sanoqli kunlar qoldi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod Asatilla Shukurullayev. – Mamlakatimizda xalqimizning hayot darajasi va turmush sifatini har tomonlama yuqori bosqichga koʻtarish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, barcha sohalarni modernizatsiyalash, qonun ustuvorligi, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash asosida Oʻzbekistonning yangi qiyofasi yaratilmoqda. Mana shularga hamohang ravishda, bugungi kun deputati hokimiyat va xalq oʻrtasidagi haqiqiy koʻprik vazifasini oʻtashi kerak. Yurtdoshlarimiz Vatanimiz taqdiri, buyuk kelajagini yaratishda muhim ahamiyatga ega boʻlgan mazkur muhim siyosiy jarayonga alohida masʼuliyat bilan yondashib, saylovlarda bizning partiya nomzodlariga ovoz berishiga ishonaman.
Tadbirda shuningdek, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy islohotlarga daxldorlik tuygʻusini yuksaltirish bugungi davr talabi ekaniga alohida eʼtibor qaratilib, ishtirokchilar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli yangilanishlarning nafaqat ishtirokchisi, balki faol tashabbuskori boʻlishiga chorlandi.