G‘oliblar mamlakat bosqichida
Termizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Tashabbus – 2017” ko‘rik-tanlovining Surxondaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Termizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Tashabbus – 2017” ko‘rik-tanlovining Surxondaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur an’anaviy tanlov mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, fermerlik harakati va milliy hunarmandlikni yanada rivojlantirish, bu boradagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, ishbilarmonlarning intilish va tashabbuslarini rag‘batlantirishda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.
O‘tgan yili viloyatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 726 milliard so‘mdan ortiq kredit mablag‘i ajratildi. 60 ming 923 ish o‘rni yaratildi. Viloyat yalpi hududiy mahsulotida kichik biznesning ulushi 75,3 foizga yetdi.
Tanlovning joriy yilgi viloyat bosqichida 40 dan ortiq tadbirkor, fermer, hunarmand o‘zlari ishlab chiqarayotgan mahsulot va xizmatlarni keng namoyish etdi.
Termiz shahridagi “Surxon Termiz Chinni” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Rustam Ne’matullaev “Yilning eng yaxshi tadbirkori”, Oltinsoy tumanidagi “Botosh pahlavoni” fermer xo‘jaligi rahbari Soatmurod Ravshanov “Yilning eng yaxshi fermeri”, Jarqo‘rg‘on tumanidan yakka tartibdagi tadbirkor Dmitriy Inyushin “Yilning eng yaxshi hunarmandi” yo‘nalishida g‘olib bo‘ldi va tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.
– Xo‘jaligimiz faoliyatini paxta, g‘alla yetishtirish bilan boshlagan edi, – deydi Oltinsoy tumanidagi “Botosh pahlavoni” fermer xo‘jaligi rahbari S.Ravshanov. – Fermerlik harakatini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli bugun ko‘p tarmoqli xo‘jalikka aylandik. Olinayotgan daromad evaziga yilqichilik, chorvachilik, parrandachilik va baliqchilikni ham yo‘lga qo‘ydik. 6 gektarga yaqin maydonda tokzorimiz bor. Qishloqda aholiga savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etdik. 500 tonna meva-sabzavot saqlash quvvatiga ega zamonaviy sovutgichni ishga tushirdik. Ayni paytda qiymati 630 million so‘mlik sabzavotni qayta ishlaydigan yangi korxona barpo etmoqdamiz. Tijorat bankining kredit mablag‘i hisobidan bunyod etiladigan mazkur korxonada 20 yangi ish o‘rni yaratiladi. Mahsulotning bir qismini xorijga eksport qilish rejalashtirilgan.
Ko‘rik-tanlovda “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori”, “Eng yaxshi tadbirkor ayol”, “Eng yaxshi oilaviy biznes sohibi” kabi bir qator nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.