Gʻoʻza qator oralarida soya ekildi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 20-21-may kunlari Andijon viloyatiga tashrifi doirasida Oltinkoʻl tumanidagi “Koʻhna vodiy bahori” fermer xoʻjaligi faoliyati bilan tanishib, gʻoʻza qator oralariga soya ekish boʻyicha Andijon tajribasini yaratish taklifini bergan edi.
Prezident tashrifidan soʻng
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 20-21-may kunlari Andijon viloyatiga tashrifi doirasida Oltinkoʻl tumanidagi “Koʻhna vodiy bahori” fermer xoʻjaligi faoliyati bilan tanishib, gʻoʻza qator oralariga soya ekish boʻyicha Andijon tajribasini yaratish taklifini bergan edi.
Andijonda gʻoʻza qator oralarida soya yetishtirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar samarali natijalar bermoqda, muayyan tajribalar shakllandi. Davlatimiz rahbarining taklifi mazkur yoʻnalishdagi ishlar koʻlamini yana-da kengaytirishga yoʻl ochib berdi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, gʻoʻza va soyani birdaniga ekish tuproq unumdorligini oshirish, qoʻshimcha don, toza oʻsimlik moyi olish, shu bilan birga gʻoʻzaning maʼdanli oʻgʻitlarga boʻlgan talabini kamaytirish, tuproqda ekologik toza muhit yaratish va organik mahsulotni yuzaga keltirish imkonini beradi.
– Tumandagi bir qancha fermer xoʻjaliklari dalalarida gʻoʻza qator oralariga soya ekilib, parvarishlanmoqda, – deydi tuman hokimi Ulugʻbek Isomiddinov. – Bu yerdan unumli foydalanish, paxta hosildorligini, qolaversa, xalq xoʻjaligi uchun oʻta foydali boʻlgan soya yetishtirish hajmini hamda xoʻjaliklar daromadini yana-da oshirish imkonini beradi.
Soya, ayniqsa, uni gʻoʻza qator oralarida yetishtirish ishlarini ilm-fan yutuqlari, ilgʻor texnologiyalar asosida tashkil etish muhimdir. Ana shundan kelib chiqib, bu borada andijonlik dehqonlar koʻp yillardan buyon soya yetishtirish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borayotgan, tajribali olima, qishloq xoʻjalik fanlari doktori, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti professori Dilorom Yormatova bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda, tajribalarini boyitmoqda.
Yaqinda olima Andijon tumanida boʻlib, tumanning Patidinov massividagi “Yangiobod hosili”, “Patidinov sarvari”, “Koʻrkam saroy ravnaqi” fermer xoʻjaliklarida gʻoʻza qator oralariga ekilgan soyani parvarishlash boʻyicha amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlar, shuningdek, Choʻlpon massividagi “Koʻhinur saxovati” va “Jahongirmirzo saxovati” fermer xoʻjaliklarida bugʻdoydan boʻshagan yerlarga soya ekish ishlari bilan tanishdi. Olima xoʻjaliklarda soya yetishtirish boʻyicha olib borilayotgan ishlarni ijobiy baholab, fermer xoʻjaligi rahbarlariga zarur tavsiya, maslahat va koʻrsatmalar berdi.
Viloyatda mazkur yoʻnalishdagi ishlar gʻoʻza qator oralarida soya yetishtirish hajmini yildan-yilga oshirib borish, bu boradagi tajribalarni ommalashtirish boʻyicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasi asosida izchil olib borilmoqda.