Gʻalabani Berlinda kutib olganman...
Andijon viloyatida ayni kunda 38 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi el-yurt ardogʻida hayot kechirmoqda.
Andijon viloyatida ayni kunda 38 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi el-yurt ardogʻida hayot kechirmoqda. Ulardan biri Andijon shahridagi “Sogʻlom avlod” mahallasida yashovchi Saidahmad ota Isayevdir.
Koʻksini turli ordenu medallar bezab turgan Saidahmad ota suronli urush yillari haqidagi xotiralaridan soʻzlab berdi. Shaxsiy arxividagi urush davriga oid turli hujjatlar, fotosuratlarni koʻrsatdi.
Urush boshlangan yili Andijon viloyatining sobiq Voroshilov (hozirgi Qoʻrgʻontepa) tumanidan koʻngillilar safida frontga joʻnagan Saidahmad Isayev to urush tugagunga qadar dushmanga qarshi mardonavor jang qilgan.
Ayniqsa, Moskva mudofaasi uchun boʻlgan janglar uning xotirasida alohida sahifa boʻlib muhrlangan.
– Oʻshanda oʻzbek jangchilaridan tashkil topgan tanklarga qarshi kurashish qismida siyosiy rahbar (politruk) edim, – deya xotirlaydi Saidahmad ota. – 1941-yilning qahratonida gitlerchilarning qaqshatgich zarbalarini qabul qilganmiz, juda koʻp safdoshlarimiz haloq boʻldi. Ortga chekinmaslik haqida buyruq berilgan edi. Oʻshanda dushmanning bir nechta hamlasini qaytarib, qarshi hujumga oʻtgandik. Moskva ostonasidan dushman ortga qaytarildi.
Shundan soʻng otaxon Kiyev, Odessa, Dnepropetrovsk, Kishinyov singari shaharlar, shuningdek, qator Yevropa mamlakatlarini dushmandan ozod etishda oldingi saflarda boʻldi. Qancha-qancha olovli yoʻllarni bosib oʻtdi, yetti marta yaralanganiga qaramay, Gʻalabani Berlin shahrida kutib oladi.
– Gʻalabani Berlinda kutib olganman, – deydi Saidahmad ota. – Germaniya poytaxtini ozod qilishda koʻrsatgan jasoratim haqida Berlin shahrida chop etiladigan gazetalardan birida “Sharq qahramoni” sarlavhali maqola eʼlon qilingan edi. Janglarda nafaqat men, balki barcha oʻzbek oʻgʻlonlari jasort bilan dushmanga qarshi kurashgan. Ularning qahramonliklarini soʻz bilan taʼriflash qiyin.
Otaning aytishicha, uning padari buzrukvori Isabek Rejabaliyev ham harbiy xizmatchi boʻlgan ekan. Onasi Sharifaxon Sheraliyeva esa oʻz davrida Oyim tumani partiya qoʻmitasida xotin-qizlar yetakchisi vazifasida uzoq yillar ishlagan.
Urushdan sogʻ-omon qaytgan Saidahmad ota oliy partiya maktabini tamomlab, viloyat ichki ishlar boshqarmasida masʼul vazifalarda faoliyat yuritdi. Ichki ishlar polkovnigi unvoni bilan isteʼfoga chiqqach, Andijon davlat universitetida ishladi. Uzoq yillar yosh avlodga taʼlim-tarbiya bergan.
Bu yil oʻzining 96 yoshini nishonlaydigan Saidahmad ota hozir ham bardam, ruhi tetik. Bugungi tinch, farovon kunlarga shukrona keltirib, mahalladoshlari, farzand, nabira va chevaralari ardogʻida umrguzaronlik qilmoqda.
– Prezidentimizga rahmat, – deydi ota qoʻllarini duoga ochib. – Yurtboshimiz qarori bilan Gʻalabaning 75 yilligi oldidan urush qatnashchilari va nogironlariga 10 million soʻmdan pul berilayotgani biz – urush faxriylariga boʻlgan yuksak ehtirom, eʼtibor va gʻamxoʻrlik namunasidir. Bundan koʻnglimiz togʻday koʻtarildi.
Saidahmad ota singari insonlar oramizdagi tirik qahramonlar. Ularning janggohlardagi jasorati, ibratli hayot yoʻli bugungi va kelajak avlod uchun haqiqiy ibrat maktabidir.