FVV ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan bozorlardagi tekshiruvlar yuzasidan munosabat bildirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda bozorlardagi tekshiruvlar va ularning faoliyati to‘xtatilishi bilan bog‘liq xabarlar keng muhokama qilinmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi rasmiy munosabat bildirdi. Qayd etilishicha, vazirlik tomonidan yong‘in xavfsizligi va boshqa turdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha nazorat tadbirlari doimiy va tizimli ravishda amalga oshirib kelinmoqda.
"Beshqo‘rg‘on" bozorida yuz bergan yong‘indan so‘ng nazorat choralarining kuchaytirilishi tekshiruvlarning endi boshlanganini emas, balki amaldagi profilaktika ishlarining yanada qat’iylashganini anglatadi.
Xususan, yaqinda Toshkent shahridagi 4 ta bozorda o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida yong‘in xavfsizligi qoidalari qo‘pol ravishda buzilgani aniqlangan. Shu sababli, ushbu ob’ektlarning ayrim bino va bloklari faoliyati aniqlangan kamchiliklar to‘liq bartaraf etilgunga qadar tegishli hujjatlar asosida vaqtincha to‘xtatib qo‘yildi.
Vazirlik xabariga ko‘ra, yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan o‘tkaziladigan bu kabi tadbirlar tadbirkorlik sub’ektlarida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan fojialar, katta miqdordagi moddiy zarar va inson talafotlari xavfini kamaytirishga xizmat qiladi.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, ob’ekt rahbarlari yong‘in xavfsizligi uchun bevosita mas’ul bo‘lib, ushbu vazifalarni bajarmaganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.
Shu munosabat bilan, jamoatchilikdan turli xabarlarga tanqidiy yondashish va faqat rasmiy manbalarga tayanish so‘raladi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA