Futzalchilarimiz Vengriya terma jamoasini mag‘lub etdi
Futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Budapesht shahri yaqinidagi "Aramis" sport saroyida Vengriya terma jamoasiga qarshi o‘tkazgan dastlabki o‘rtoqlik uchrashuvida muvaffaqiyatga erishdi.
FIFA kunlari doirasida tashkil etilgan o‘yin davomida O‘zbekiston terma jamoasi to‘p nazorati, yo‘llangan zarbalar hamda yaratilgan gollik vaziyatlar holatida yetakchilikka erishdi. Bu yakuniy hisobda ham o‘z aksini topdi.
Qiziqarli kechgan o‘yinning 11-daqiqasida terma jamoamiz a’zosi Ilhomjon Hamroyev tomonidan yo‘llangan zarba Vengriya darvozasi turiga borib tushdi.

Mazkur goldan keyin Vengriya terma jamoasi hisobni tenglashtirishga harakat qildi. Biroq, sovuqqon va ishonchli o‘yin namoyish etgan O‘zbekiston futzalchilari ustunlikni saqlab qoldi.
Endi Vengriya-O‘zbekiston jamoalari o‘rtasidagi ikkinchi o‘rtoqlik o‘yini ertaga 19-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, Vengriyada o‘tkaziladigan uchrashuvlardan keyin O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari rejaga ko‘ra, 21-22-sentabr kunlari Amsterdam yaqinidagi Zeyst shahrida Niderlandiya terma jamoasi bilan nazorat o‘yinlarida maydonga tushadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA