Futzal: “Lokomotiv” va “Bunyodkor” yana murosaga erishdi
Shu kunlarda futzal boʻyicha Oʻzbekiston chempionati 3-tur uchrashuvlari oʻtkazilmoqda.
Shu kunlarda futzal boʻyicha Oʻzbekiston chempionati 3-tur uchrashuvlari oʻtkazilmoqda.
Kecha bir qator uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Jumladan Toshkentning “Paxtakor” jamoasi futzalchilari “Navbahor” bilan kuch sinashib, 2-3 hisobida gʻalaba qozondi. Uchrashuv taqdiri 1-taymdayoq hal etildi, desak mubolagʻa qilmaymiz. Boisi, “sherlar” birinchi boʻlimdayoq raqib darvozasini uch marotaba ishgʻol etishga muvaffaq boʻlgandi.
Tanaffusdan keyin “lochinlar” oʻzlariga kelishdimi yoki “Paxtakor” boʻshashdimi, nima boʻlganda ham hisobdagi farq minimal darajagacha qisqardi, ammo ortigʻiga “Navbahor”ning qurbi yetmadi.
Bir necha kun muqaddam Oʻzbekiston superligasi doirasida poytaxtning ikki vakili “Lokomotiv” va “Bunyodkor” jamoalari oʻzaro toʻqnash kelgan va unda tomonlar nursiz durangga imzo chekishgandi. Bu safar ham “derbi” ishtirokchilari murosa koʻchasini tanlashdi, faqat bu yerda darvozalar oz emas, koʻp emas, naqd 8 (!) marta ishgʻol etildi.
Taʼkidlash joiz, uchrashuvning 30-daqiqasiga kelib “qaldirgʻochlar” yirik – 1:4 hisobi bilan gʻalaba qozonishayotgan edi. Ammo, soʻnggi 10 daqiqalikda “Lokomotiv” futzalchilari hisobni tenglashtirishga muvaffaq boʻldi.
Futzal. Oʻzbekiston chempionati.
3-tur
“Navbahor” – “Paxtakor” – 2:3
Gollar: Abdurashid Valixonov (30), Isaxon Ibragimov (39) – Muhammad Zoirov (9), Ilhom Rajabov (2, 12).
“Lokomotiv” – “Bunyodkor” – 4:4
Gollar: Artur Yunusov (15), Javlon Anorov (31), Jamoliddin Sharipov (31, 36) – Timur Toʻraqulov (17), Jamoliddin Normirzayev (18), Mirislom Miraliyev (30), Aʼzam Saidahmatov (25).
Musobaqa davom etmoqda.




