Futbol akademiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi
Guliston shahrida futbol ixlosmandlari, ayniqsa, yoshlar uchun quvonarli voqea ro‘y berdi. Shaharda «Guliston» PFK qoshida tashkil etilgan futbol akademiyasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Yangi akademiya iqtidorli yoshlarni saralash, ularning futboldagi mahoratini yuksaltirish va kelajakda professional sportchilarni tarbiyalashga xizmat qiladi.
Tantanali tadbirda Sirdaryo viloyati futbol assotsiatsiyasi, viloyat sport boshqarmasi, «Guliston» futbol klubi rahbariyati, murabbiylar, yosh futbolchilar hamda ularning ota-onalari ishtirok etishdi.
Tadbirni «Guliston» futbol klubi prezidenti Oybek Ashurmatov kirish so‘zi bilan ochib, mamlakatimizda futbolni, ayniqsa, bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor xususida to‘xtaldi.

Qayd etilganidek, bugun futbol nafaqat sport musobaqalari, balki yosh avlodni sog‘lom turmush tarziga jalb etish, ularda intizom, jamoaviylik, maqsad sari intilish va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini shakllantirishning muhim vositalaridan biri sifatida ham katta ahamiyat kasb etmoqda.

Sirdaryoda ham futbol infratuzilmasini rivojlantirish, yosh iqtidorlarni aniqlash va ular uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shu jarayonning mantiqiy davomi sifatida tashkil etilgan yangi akademiya yosh futbolchilarning sportdagi birinchi jiddiy qadamlarini professional tayyorgarlik bilan uyg‘unlashtirish imkonini beradi.
— «Guliston» futbol klubining kelajakdagi yutuqlari, avvalo, yosh futbolchilar bilan ishlash tizimiga bog‘liq. Shu bois akademiyani tashkil etishga katta ahamiyat qaratdik. Bu yerda futbolga qiziqishi va qobiliyati bor bolalarni tanlab olish, ularning mahoratini muntazam oshirish, zamonaviy futbol talablari asosida tayyorlash uchun zarur sharoitlarni yaratishni maqsad qilganmiz, — dedi klub prezidenti Oybek Ashurmatov.
Shundan so‘ng viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Bo‘ronov va klub bosh murabbiyi Abbos Ergashev so‘zga chiqib, akademiyaning maqsad va vazifalari, mashg‘ulotlarni tashkil etish tartibi, yosh futbolchilarni tayyorlash jarayoni hamda istiqboldagi rejalar haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berdilar.

Akademiya faoliyatida eng muhim jihatlardan biri — yosh futbolchilarning qobiliyatini erta aniqlash va uni to‘g‘ri yo‘naltirishdir. Zero, katta futbol sari yo‘l aynan bolalik va o‘smirlik davridagi muntazam mashg‘ulot, to‘g‘ri yondashuv va malakali murabbiylar mehnati bilan boshlanadi.
Yangi akademiyada yoshlarning texnik va taktik mahoratini oshirish, jismoniy tayyorgarligini mustahkamlash, futbol qoidalari va zamonaviy o‘yin talablarini chuqur o‘zlashtirishiga e’tibor qaratiladi. Shuningdek, tarbiyalanuvchilarda jamoada harakat qilish, raqibga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, g‘alabaga intilish va sport intizomi kabi muhim fazilatlarni shakllantirish ham ustuvor vazifalardan bo‘ladi.

Tadbir davomida yosh futbolchilarning ota-onalari ham akademiya faoliyati bilan bog‘liq o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Bu esa bolalarning sportdagi ishtiroki, mashg‘ulotlar jarayoni va ular uchun yaratiladigan sharoitlar borasida ota-onalar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish muhimligini ko‘rsatdi.

Tantanali marosim yakunida akademiyaning yosh tarbiyalanuvchilariga «Guliston» jamoasi rahbariyati tomonidan sport liboslari topshirildi. Murabbiylarga esa mashg‘ulotlarni sifatli tashkil etish uchun zarur sport anjomlari taqdim etildi.
Bolalarning qo‘liga topshirilgan yangi liboslar, maydondagi ilk mashg‘ulotlar va ularning futbolga bo‘lgan ishtiyoqi — bugungi quvonchli voqeaning eng ta’sirli manzaralari bo‘ldi. Zero, har bir katta futbolchi o‘zining ilk qadamini ana shunday maydonlar, birinchi murabbiy va birinchi jamoadan boshlaydi.

«Guliston» PFK futbol akademiyasi kelgusida Sirdaryo futboli uchun munosib avlodni tarbiyalash, iqtidorli yoshlarni katta futbolga olib kirish va viloyat sporti nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, bu yerda bugun mashg‘ulot boshlagan yosh futbolchilar orasida ertaga «Guliston» klubi sharafini munosib himoya qiladigan, milliy futbolimizda o‘z o‘rniga ega bo‘ladigan iste’dodlar yetishib chiqishiga ishonch bor. Katta maqsadlar bilan tashkil etilgan futbol akademiyasining tantanali ochilishi ana shu ezgu niyatlar sari muhim qadam bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri