Fuqaroning imkoniyati va ehtiyojiga alohida yondashish zarur
Kambag‘allikni qisqartirish — faqat moddiy yordam ko‘rsatish emas, balki insonga o‘z mehnati bilan munosib daromad topishi uchun sharoit yaratishdir. Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning zamirida ham ana shu ezgu maqsad — inson qadrini ulug‘lash, aholi farovonligini yuksaltirish, har bir oilani barqaror daromad manbaiga ega qilish g‘oyasi mujassam.
Davlat rahbarining tashabbusi bilan so‘nggi yillarda kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, mahallabay ishlash, har bir xonadonning imkoniyatini chuqur o‘rganish, muammoning ildiziga yetib borish va insonni tayyor yordamga emas, barqaror daromadga yo‘naltirish tamoyili hayotimizga tobora chuqur kirib bormoqda. Bu jarayonda mahalla “yettiligi”ning zimmasiga katta mas’uliyat yuklanmoqda. Zero, odamlarning dardini, ehtiyojini, qobiliyati va imkoniyatini eng yaxshi biladigan tizim ham aynan mahalladir.
Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi Ziyorat mahallasida aholi bandligi va daromadlarini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ana shu yondashuv asosida tanqidiy-tahliliy o‘rganildi.
Tuman hokimi Xurshid Tohirov mahallada bo‘lib, mahalla “yettiligi” vakillari bilan muloqot qildi. Suhbat davomida hududda kambag‘allikning oldini olish, ishsizlikni kamaytirish, aholini doimiy mehnat bilan ta’minlash va xonadonlar daromadini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar chuqur tahlil qilindi.

E’tiborlisi, bu jarayon umumiy raqamlar bilan cheklanib qolmadi. Har bir xonadon, har bir fuqaroning imkoniyati, ehtiyoji va mehnat salohiyatiga alohida yondashish zarurligi ta’kidlandi.
Mahallada o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijasida 92 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlanmagani aniqlandi. Ularning 47 nafari Kambag‘allik reyestriga kiritilgan mehnatga layoqatli fuqarolar, 45 nafari esa mehnatga layoqatli ishsizlar ekani ma’lum bo‘ldi.
Bu raqamlar shunchaki statistika emas. Ularning har biri — ishlashni, oilasiga daromad olib kelishni, farzandlari kelajagini yaxshilashni istagan inson taqdiri. Shu bois bugungi vazifa — ishsizlarni sanab chiqish emas, ularning har biri uchun aniq yechim topish.
So‘rovnoma natijalari asosida fuqarolarni bandlikka yo‘naltirishning aniq mexanizmlari belgilab olindi.
Xususan, chorvachilik, qo‘ychilik, issiqxona, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va tikuvchilik kabi yo‘nalishlarda xonadonlarga daromad keltiradigan loyihalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Buning mohiyati oddiy, ammo nihoyatda muhim: insonga bir martalik yordam berishdan ko‘ra, uning qo‘liga kasb, imkoniyat va doimiy daromad manbaini berish samaraliroq.
Masalan, bir xonadonda chorvachilikni rivojlantirish uchun sharoit bo‘lsa — shu imkoniyatdan foydalanish, boshqa bir xonadonda tikuvchilikka qiziqish va qobiliyat mavjud bo‘lsa — uni zamonaviy tikuv mashinasi, o‘quv va moliyaviy ko‘mak bilan qo‘llab-quvvatlash, yana bir oilada issiqxona tashkil etish imkoniyati bo‘lsa — shu yo‘nalishda loyihani amalga oshirish kerak. Shunda kambag‘allikning sababi emas, uning yechimi haqida gapirish mumkin bo‘ladi.
Ziyorat mahallasida tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati ham alohida tahlil qilindi. Ayni paytda mahallada 39 ta tadbirkorlik sub’ekti mavjud bo‘lib, ularning 37 tasi faoliyat yuritmoqda. Bu raqamlar mahallada tadbirkorlik uchun muayyan salohiyat borligini ko‘rsatadi. Endi asosiy vazifa — mavjud tadbirkorlarning imkoniyatlarini kengaytirish, yangi loyihalarni ishga tushirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish va faoliyat yuritmayotgan sub’ektlarning ishini qayta tiklashga ko‘maklashishdan iborat. Zero, bitta yangi korxona — bir nechta oila uchun daromad manbai. Bitta yangi ish o‘rni — bir insonning ertangi kuniga bo‘lgan ishonchidir. Shu ma’noda mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish faqat iqtisodiy masala emas, balki ijtimoiy barqarorlikning ham muhim omilidir.
Mahallada Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oilalar holati ham chuqur o‘rganildi. Davlat ta’minotidagi, kambag‘al va kambag‘allik chegarasidagi oilalar bilan manzilli ishlash, ularning muammolarini bartaraf etish bilan bir qatorda, mehnat salohiyatidan samarali foydalanib, doimiy daromad manbaiga ega qilish muhim vazifa sifatida belgilandi.

Bu yerda eng muhim jihat — insonni faqat yordam oluvchi sifatida ko‘rishdan voz kechib, uning ichki imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishdir. Chunki har bir oilada mehnat qila oladigan inson, har bir insonda esa qandaydir qobiliyat bor. Faqat uni kashf etish, to‘g‘ri yo‘naltirish va zarur sharoit yaratish lozim.
Tuman hokimi mahalla “yettiligi” vakillariga har bir fuqaro bilan individual ishlash, ish izlayotganlarni mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirish, kasb-hunar egallash istagidagi fuqarolarni o‘qitish, tadbirkorlikni boshlamoqchi bo‘lganlarga imtiyozli kreditlardan foydalanishda amaliy ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.
Endilikda har bir ishsiz fuqaro bo‘yicha alohida yondashuv, har bir xonadon bo‘yicha aniq reja va har bir loyiha bo‘yicha natija talab etiladi. Bu esa mahalla faoliyatida “umumiy ish” tushunchasidan “aniq inson — aniq natija” tamoyiliga o‘tishni anglatadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri