Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida
Navoiy kon-metallurgiya kombinati aksiyadorlik jamiyatida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari tahliliga bag‘ishlangan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda kombinat Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga oid ishlarni nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Shavqiddin Idiyev o‘tgan davr mobaynida murojaatlar bilan ishlash borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Navoiy kon-metallurgiya kombinatida tizimli ishlash bo‘yicha o‘ziga xos usul yaratilib, muammolarni joyiga borib o‘rgangan holda har bir murojaatni o‘z vaqtida ko‘rib chiqishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Kombinat va uning bo‘linmalari rahbarlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslar qabulini tashkil etish samarali yo‘lga qo‘yilib, murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari doimiy tahlil etilmoqda.
– 2023 yilning olti oyi davomida 1778 ta yozma, og‘zaki va elektron ko‘rinishdagi murojaatlar kelib tushdi, – dedi Sh.Idiyev. – Bu raqamni 2022 yilning birinchi olti oyligiga taqqoslaydigan bo‘lsak, murojaatlar o‘tgan yilga nisbatan 74 taga kamayganligini ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, rahbariyatning Markaziy, Shimoliy va Janubiy kon boshqarmalarida jismoniy va yuridik shaxslar vakillari uchun tashkil etilgan sayyor qabullarda 50 nafar fuqaro qabul qilinib, ularning murojaatlari yuzasidan amaliy yordamlar ko‘rsatildi, zaruriy hollarda esa qonuniy tushuntirishlar berildi.
Murojaatlarning 1055 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi orqali kelib tushgan. Ularning 938 tasi qanoatlantirildi, 100 tasi bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Shuningdek, qonunchilik talablaridan kelib chiqib murojaatlarning 16 tasi tugatildi va 1 ta murojaat ko‘rmasdan qoldirildi. Fuqarolarga yanada qulaylik yaratish maqsadida murojaatlar uchun korxonada Virtual qabulxona hamda Telegram messenjerida maxsus bot ishga tushirilgan. Hozirga qadar mazkur interaktiv platformalar orqali kelib tushgan 231 murojaat ko‘rib chiqildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA