Fuqarolar va davlat o‘rtasida ishonchli ko‘prik
Prezidentimizning Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi Xalq qabulxonasiga joriy yilning birinchi choragida kelib tushgan 520 ta yozma va og‘zaki murojaatlarning 446 tasi qanoatlantirilgan.
Odamlarning ehtiyoj va muammolarini hal etishda Xalq qabulxonalarining ish uslubi takomillashmoqda. Jumladan, Xalq qabulxonasi xodimlari xonada o‘tirib emas, balki joylarga chiqib sayyor qabul tashkil etish, sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa ob’ektlarni o‘rganish orqali mavjud muammolarni aniqlash va bartaraf etishga alohida e’tibor qaratmoqda. Hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini baholashda, sohadagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va ijrosini nazorat qilishda faol ishtirok etayotir. Nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga ko‘maklashish, ularning muammolarini hal etish doimiy e’tiborda.

– Ana shu hamkorlik samarasi o‘laroq joriy yil aprel oyiga qadar Qorako‘l tumani Xalq qabulxonasiga fuqarolardan uy-joy masalasida 10 ta, moddiy yordam, turli ijtimoiy masalalarda 60 ta, kommunal soha, ta’lim, tibbiy yordam va boshqa masalalarda 110 ta murojaatlar bo‘ldi, – deydi Buxoro viloyati Qorako‘l tumani Xalq qabulxonasi mudiri Avliyoqul Oqqiyev. – Bu murojaatlarning 120 tasi ijobiy hal etilib, jarayondagi murojaatlarning bajarilishi nazoratga olingan.
– Oilaviy yashash sharoitim og‘irligi, oilamda nogiron farzandim borligi sababli tuman xalq qabulxonasiga murojaat qildim, – deydi fuqaro M.Otamurotov. – Yashash uyim zarar ko‘rib, yaroqsiz, xavfli, avariya holga kelib qolgan edi. Ushbu masalada bir necha marotaba tegishli tashkilotlarga murojaat qildim. Ammo natija bo‘lmadi. Uy-joyimni ta’mirlashga amaliy yordam so‘rab murojaat qildim. Uy-joyimni ta’mirlash va qurish hamda moddiy yordam ajratish bo‘yicha murojaatim ijobiy hal qilindi.
Fuqaro A.Abdikarimov insult kasalligiga chalinganligi sababli, order olish uchun 2021 yil avgust oyida tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilsada, hech natija bo‘lmagan. Natijada mazkur masalada amaliy yordam so‘rab tuman xalq qabulxonasiga murojaat qilgan. Xalq qabulxonasining aralashuvi natijasida fuqaro tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilgan. Viloyat klinikalarida davolanishi uchun order berilib murojaati ijobiy hal qilingan.

– Nogironlik nafaqasi olish uchun hujjatlarimni topshirganman, –deydi fuqaro O.Tursunov. – Hozirgi kunga qadar ishim hal bo‘lmadi. Shuning uchun amaliy yordam so‘rab murojaat qildim. Natijada tibbiy tekshiruvdan o‘tdim. Hujjatlarim rasmiylashtirildi. Nogironlik nafaqasi tayinlandi.
Joriy yil davomida 85 marta aholi va yoshlar bilan “Sektor rahbarlari va yoshlar”, “Hokim va yoshlar”, “Muammo va yechim” kabi mavzularda uchrashuv va sayyor qabul o‘tkazildi. Bu tadbirlarda aholini qiynab kelayotgan muammolariga o‘z vaqtida yechim topilmoqda. Bundan tashqari, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ni shakllantirish, unga aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini kiritish yuzasidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlashda ham o‘zaro hamkor tashkilotlar bilan uyma-uy yurib, xatlov ishlari amalga oshirilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA