Fuqaro aviatsiyasi sohasida xalqaro hamkorlik rivojlanadi
Buxoro viloyatida fuqaro aviatsiyasi sohasida xalqaro tashkilotlar va yetakchi ekspertlar bilan yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik viloyatning investitsion va turistik jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Shu maqsadda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining Yevropa va Shimoliy Atlantika byurosi (EUR/NAT) mintaqaviy direktori Nikolas Rallo bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda tomonlar aviatsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, global aviatsiya tizimini rivojlantirish va zamonaviy talablar asosida takomillashtirish masalalarini atroflicha muhokama qildi. Xususan, aviatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish, parvozlar xavfsizligini yanada oshirish, xalqaro standartlar asosida xizmatlar sifatini yaxshilash hamda Buxoro aeroporti imkoniyatlarini kengaytirish masalalari suhbat markazida bo‘ldi.

Uchrashuv davomida janob Nikolas Rallo O‘zbekistonda, jumladan, Buxoro viloyatida fuqaro aviatsiyasi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. U mamlakatdagi barqaror o‘sish, infratuzilma yangilanishi va aviatsiya sohasidagi ochiqlik siyosati xalqaro hamjamiyat tomonidan ijobiy qabul qilinayotganini ta’kidladi.
–Men asli italiyalikman. O‘zbekistonga bir necha bor kelganman, ammo Buxoroga ilk bor tashrif buyurishim. Shuni alohida aytish kerakki, Buxoro nafaqat O‘zbekistonda, balki Italiyaning eng chekka hududlarida ham yaxshi tanilgan tarixiy shahar hisoblanadi. Ko‘plab insonlar bu yerdagi betakror me’moriy obidalarni ziyorat qilishni orzu qiladi. Ma’lumki, xorijlik sayyoh uchun mamlakatga kirish eshigi aeroportdir. Shu bois aviaqatnovlarni kengaytirish va qulay logistika yaratish turizm rivojida hal qiluvchi ahamiyatga ega, –dedi Nikolas Rallo.
Mazkur fikrlar Buxoroning xalqaro turizm xaritasidagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganini yana bir bor tasdiqladi. Darhaqiqat, keyingi yillarda Buxoro shahrida turizm infratuzilmasi, mehmonxona xizmatlari va transport tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar xorijlik mehmonlar oqimining ortishiga xizmat qilmoqda.
Uchrashuvda viloyat rahbari tomonidan aviatsiya sohasida qator istiqbolli taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, xorijiy aviakompaniyalardan samolyotlarni lizing asosida jalb qilish, yuk tashuvchi aviakompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish, Buxoroga xorijiy davlatlardan qoramol yetkazib berish uchun havo logistikasi tizimini shakllantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Buxoro xalqaro aeroporti faoliyatini takomillashtirish maqsadida ilg‘or xorijiy aeroportlar bilan tajriba almashish, strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish va investitsion muloqotlarni kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Ayniqsa, Buxoroning turizm salohiyatini xalqaro aviakompaniyalar orqali targ‘ib qilish g‘oyasi alohida ahamiyat kasb etdi. Samolyot bortidagi inflayt media platformalari, reklama kanallari va xalqaro marshrutlar orqali Buxoro haqidagi ma’lumotlarni keng yoritish viloyatning xalqaro nufuzini yanada oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Mutaxassislar fikricha, bunday hamkorliklar nafaqat aviatsiya sohasini, balki turizm, tashqi savdo, logistika va investitsiya muhitini ham rivojlantirishda muhim omil bo‘ladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar fuqaro aviatsiyasi sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va o‘zaro tajriba almashishni izchil davom ettirishga kelishib oldi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri