Fransuz mujohidi 30 yilga kesildi
Parij hayʼat sudi fransiyalik mujohid, Suriyada ikki shaxsning oʻldirilishiga aloqador Tayler Vilyusni 30 yillik qamoq jazosiga hukm qildi.
Parij hayʼat sudi fransiyalik mujohid, Suriyada ikki shaxsning oʻldirilishiga aloqador Tayler Vilyusni 30 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda «Parisien” gazetasi xabar tarqatdi.
Nashr qayd etishicha, Vilyus Suriyaga 2012-yil borgan va nisbatan qisqa vaqtda Islom davlati yuqori lavozimli mansabdorlari safiga qoʻshilishga erishgan. 2013-yildayoq u guruhning Frank-Belgiya jangarilari lageri “amir”ligiga tayinlangan va koʻp oʻtmay, xavfsizlik kuchlari tizimida amaldorlik oʻrnini egallagan. 2015-yil, sud xulosasiga koʻra, Tayler muxolifatdagi “Ozod Suriya armiyasi”ning ikki sobiq askarini qatl etishda qatnashgan.
Maqolada keltirilishicha, sud yigʻilishida namoyish etilgan bir videolavhada ayblanuvchi qoʻlida qurol va ratsiya bilan qatl ijro etilayotgan joyda turgani aks etgan. Aaybdorning advokati jangari jarayonda “faol ishtirok etmagani”ni taʼkidlagan. Ayblov tomoni vakili bu fikrga eʼtiroz bildirib, Vilyus - “oʻq uzgan emas, balki mazkur qatl tadbirini uyushtirishda qatnashgan shaxslardan biri” degan. Maʼlum qilinishicha, fransuz mujohidining ishi – “xususiyatiga koʻra oʻziga xos va yagona”.
“Tayler Vilyusning ishini ochish – fransuz tilida soʻzlashadigan mujohidlar nomi qayd etilgan maʼlumotnomani fosh etishdek gap. Sababi, Tayler ularning barini biladi. Toʻgʻri, jinoyatchilarning koʻpchiligi bu olamni tark etgan, Vilyus esa sud kursisida oʻtiribdi. Bu oʻta istisnoli holat. Hattoki, oʻlim ham undan hazar qiladigandek ”, - deya bayonot bergan prokuror Giyom Mishlen.
Bundan tashqari terrorchi munozara chogʻi yana bir narsani eʼtirof etdi. 2015-yil iyul oyida Stambulda hibsga olishganda uning qoʻlida Pragaga bilet boʻlgan. Oʻzining tan olishicha, u “qoʻlida qurol bilan qurbon boʻlishni istagan”. Ayblov fikriga qaraganda, jangari Yevropada ommaviy qotilliklar tashkil etishni koʻzlagan.
Muhokamalar yakunida sud raisi Loran Ravyo mujohidni bir umrlik qamoqqa hukm etish “ehtimoli” ham boʻlgani, binobarin, 10 soatlik munozaralardan soʻng sud jangari kelajakda “oʻzgara olishi” uchun “umid uchqunini qoldirish”ga qaror qilganini taʼkidladi. Jinoyatchi endi 30 yil turmada oʻtiradi, muddatning 2/3 qismini oʻta qattiq tartibli manzilda oʻtaydi. Terrorchi hukmning yakuniy shakli uchun yigʻilish ishtirokchilariga minnatdorlik bildirdi.
“Monde” gazetasining yozishicha, 2015-yildan buyon hibsda ushlangan terrorchi hukmni oʻzgartirish uchun faqat 2035-yilga kelibgina, ariza berishi mumkin. Bu paytda Tayler 45 yoshga kirgan boʻladi.
Suriyada qurolli nizolar 2011-yildan beri davom etib keladi. 2017-yil oxirlarida Islom davlatining Suriya va Iroqdagi terrorchi guruhlari ustidan qozonilgan gʻalaba haqida eʼlon qilingan. Mamlakatning ayrim hududlarini esa jangarilardan tozalash ishlari davom etyapti. Hozirgi paytda asosiy eʼtibor siyosiy barqarorlikni taʼminlash, Suriyani tiklash, shuningdek mamlakatdan majburan chiqib ketgan qochoqlarni oʻz yurtiga qaytarishga qaratilgan.