Fransiyada parlament saylovining 2-bosqichi boshlandi
Fransiya parlamenti quyi palatasi – Milliy kengash a’zoligi uchun nomzodlarga ovoz berish jarayoni boshlandi. Parlament saylovining ikkinchi turini o‘tkazish maqsadida uchastkalar mahalliy vaqt bilan 8.00 (Toshkentda 11.00)da ochildi.
Bugun 577 deputat 5 yil muddatga saylanadi. Parlament tarkibidan joy olish uchun nomzod muayyan uchastkada ro‘yxatga olingan raqiblari orasida eng ko‘p ovoz to‘plashi lozim.
Belgilangan yirik shaharlarda ovoz yig‘ish nuqtalari 20.00 gacha, boshqa mintaqalarda esa 18.00 gacha ishlaydi.
Dastlabki natija ekzit-poldan so‘ng darhol e’lon qilinadi. Odatda, ovoz sanash jarayoni tez tugaydi va yakun rasman saylov kuni kechqurunoq yoki dushanbaga o‘tar tunda aniq bo‘ladi.
Saylovda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tomonidan asos solingan, avval "Olg‘a, Respublika!" deb nomlangan "Uyg‘onish" partiyasini qo‘shib olgan "Birga!" (Ensemble!) prezident koalitsiyasi, markazlashgan "Demokratik harakat", o‘ng-mrakaziy "Ufqlar" va "Harakat qil!" partiyalari ishtirok etmoqda. Jan-Lyuk Melanshonning "Bo‘ysinmas Fransiya"si, "Sotsialistik partiya", "Kommunistik partiya" va "Yevropa-Ekologiya-Yashillar" partiyasidan iborat "Yangi xalq ekologik va ijtimoiy ittifoqi" (Nupes) so‘l koalitsiyasi ham ro‘yxatga olingan. Shuningdek, ovoz berishda o‘ta o‘ng qarashga ega partiyalar - Marin Le Penning "Milliy birlashma"si va Erik Zemmurning "Qayta zabt etish" guruhi ham qatnashyapti.
Parlament saylovining 2-bosqichida kurash, asosan, "Birga!" prezident koalitsiyasi va Melanshon boshchiligidagi so‘l koalitsiya o‘rtasida kechishi kutilmoqda. 12 iyunda bo‘lib o‘tgan birinchi tur yakuniga ko‘ra, " Birga!"chilar 25,71 foiz, so‘l "Yangi xalq ekologik va ijtimoiy ittifoqi" 25,61 foiz ovoz olgan.
Ikkinchi tur arafasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari prezident koalitsiyasiga taxminan 255-295 ta o‘rin «va’da qilgan», «so‘llar»ga 150-200 ta «joy qoldirgan». Palata faoliyati ustidan nazorat o‘rnatish uchun esa 289 ta kursi zarur bo‘ladi.
O‘zA eslatib o‘tadi, Fransiya parlamentiga saylovning birinchi turida, mamlakat IIV xabariga ko‘ra, uchastkalarga ovoz berish huquqiga ega fuqarolarning bor-yo‘g‘i 39,42 foizi kelgan. Bu juda past ko‘rsatkich hisoblanadi.
G‘.Xonnazarov, O‘zA