Fransiya jaziramaga qarshi favqulodda rejani ishga tushirdi
Fransiya hukumati kuchli jazirama tufayli mamlakat tarixida ilk bor “Orsec” favqulodda harakat rejasining “o‘ta yuqori harorat” tartibini ishga tushirdi. Orsec — tabiiy ofatlar va yirik favqulodda vaziyatlarda qo‘llanadigan milliy tezkor harakat tizimi bo‘lib, bu safar u rekord darajadagi issiqlik sabab faollashtirildi.
Ta’kidlanishicha, “qizil”darajadagi xavf e’lon qilingan to‘qqizta hududda mazkur reja amalga kiritilgan. Shuningdek, mamlakatning yana 72 hududida “to‘q sariq” ogohlantirish joriy etilgan. Fransiya milliy meteorologiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, shanba kunidan boshlab “qizil” xavf darajasi yana 24 mintaqaga kengaytiriladi.
Jazirama ortidan o‘lkada yong‘inlar ham keskin ko‘paydi. Yil boshidan buyon 8 mingdan ortiq yong‘in qayd etilgan bo‘lib, ular 25 ming gektardan ziyod maydonni kulga aylantirdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki baravar yuqori hisoblanadi.
Rasmiylar aholini himoya qilish maqsadida qariyalar va uysizlar uchun maxsus sovutish markazlarini ochishga kirishdi. Shuningdek, mamlakat shifoxonalariga o‘rnatilishi rejalashtirilgan 30 mingta konditsionerning dastlabki 6 mingtasi ishga tushirilgan.
Ekologlar esa iqlim o‘zgarishi tufayli ekstremal issiqlik to‘lqinlari tez-tez kuzatilayotganini ta’kidlab, mavjud choralar yetarli emasligidan ogohlantirmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA