Fransiya bilan madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik kengaytiriladi
O‘zbekiston Badiiy akademiyasida Fransiyaning Versal va Trianon saroylari milliy muzeyi direktori janob Loran Salome boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi diplomatik hamda iqtisodiy aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilishi bilan bir qatorda, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik ham misli ko‘rilmagan darajada faollashdi.
Xususan, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda Fransiyaning nufuzli madaniyat, san’at va ta’lim muassasalari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan izchil sheriklik ikki xalqning boy tarixiy merosini o‘zaro o‘rganish va targ‘ib qilishda muhim ko‘prik vazifasini o‘tamoqda. Qo‘shma ko‘rgazmalar, akademik almashinuv dasturlari va restavratsiya sohasidagi innovatsion loyihalar nafaqat yurtimiz tasviriy san’atini Yevropa maydonida keng namoyish etmoqda, balki ikki mamlakat ijodkorlari uchun yangi imkoniyatlarni ochmoqda.

Muloqot davomida so‘nggi yillarda madaniyat, san’at sohasida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda Fransiyaning tegishli muassasalari o‘rtasida hamkorlik aloqalari tobora kengayib borayotgani, fransuz tasviriy san’atini targ‘ib qiluvchi ko‘rgazmalar o‘tkazilayotgani alohida qayd etildi. Kelgusi qo‘shma loyihalarni tashkil qilish va o‘tkazish, istiqbolda yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Fransiya delegatsiyasi uchrashuvdan so‘ng Badiiy akademiyaning "Akademiya" galereyasida XI Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi doirasida tashkil qilingan o‘zbek rassomlarining "Charxpalak" ko‘rgazmasi bilan tanishtirildi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA