Fotosuratlar bojxonachilarning o‘tmishi va bugunidan so‘zlaydi
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasida fotosuratlar va arxiv materiallari joy olgan ma’naviyat va ma’rifat burchagi tashkil etildi.
Mo‘’jazgina sokin xona viloyatda bojxona sohasining shakllanishi, taraqqiyot bosqichlari, turli yillarda boshqarmaga rahbarlik qilgan fidoyi insonlar, bojxona postlarining kechagi va bugungi qiyofasi, amalga oshirilgan islohotlar, erishilgan yutuqlarni tarixiy fotosuratlar hamda arxiv ma’lumotlari asosida unsiz hikoya qiladi.

Bu yerda umrining eng kuchga to‘lgan davrini bojxona xizmatiga bag‘ishlagan, o‘z mehnati va sadoqati bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan jonkuyar xodimlarga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar barchada katta qiziqish uyg‘otadi. Vaholanki, bugungi tinch, to‘kin hayot va iqtisodiy yuksalishlar ortida yurtimizning bojxona sarhadlarida tunni kunga ulab xizmat qilgan, o‘z kasbiga sadoqatini jasoratga to‘la mehnati bilan hayotining muhim mezoniga aylantirgan mard, jasur xodimlarning mashaqqatli mehnati bor.

– Har bir davrning o‘z sahifasi, har bir yutuqning ortida inson taqdiri, fidokorona mehnat va avlodlarga meros bo‘lib qoladigan qadriyatlar mujassam bo‘ladi, – deydi viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari Shohro‘z O‘ralov. – Bu sahifalarni asrab-avaylash, kechagi kunni bugun bilan bog‘lash va kelajak avlodlarga yetkazish tarixiy xotiraga bo‘lgan ehtiromning muhim mezoni hisoblanadi. Shu ma’noda yangi tashkil etilgan ma’naviyat maskanimiz tarixiy xotirani asrab, ustozlar mehnatini qadrlash, avlodlar davomiyligini ta’minlab, yosh xodimlarda kasbiy g‘urur va Vatanga sadoqat tuyg‘usini mustahkamlashdek ezgu g‘oyani ilgari suradi.

Bojxonachilarning o‘ziga xos ma’naviyat va ma’rifat burchagiga aylangan maskan sohaning viloyatdagi tarixi va bugunini aks ettirgani bilan barchaga manzur bo‘lmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri