Formali kiyim-boshni kiyib yurganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda
So‘nggi vaqtlarda ayrim tashkilotlar, idoralar, hatto ayrim fuqarolar tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan formali kiyim-boshga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash kiyim-boshlarni kiyib yurish yoki ayrim tashkilotlar tomonidan o‘z xodimlari uchun shunday kiyim-boshlarni joriy etish holatlari kuzatilmoqda.
Bu esa fuqarolarni chalg‘itishi, davlat organlari obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatishi hamda ayrim shaxslarga o‘zini davlat organi xodimi sifatida ko‘rsatib, odamlar ishonchini suiiste’mol qilish imkoniyatini yaratishi mumkin.
Endilikda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan normalarga ko‘ra, davlat organlarining tasdiqlangan harbiy yoki idoraviy formali kiyim-boshiga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash hamda unga xos farqlovchi belgilar va (yoki) ramzlarga ega formali kiyim-boshni kiyib yurganlik yoki joriy etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Shu maqsadda ishlab chiqilgan davlat tuzilmalari xodimlarining formali kiyim-boshini qonunga xilof ravishda kiyib yurish holatlarining oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi parlament quyi palatasi majlisida ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, davlat xizmatchisi yoki harbiylarning kiyimiga juda o‘xshash formalarni kiyib yurganlarning javobgarlikka tortilishi fuqarolarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga, davlat organlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga, turli noqonuniy holatlar, firibgarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida formali kiyim-boshlar bilan bog‘liq qoidalar yanada tartibga solinadi, ularni qonunga xilof ravishda kiyib yurish yoki joriy etish hollarining oldini oladi, mazkur qilmishlarni sodir etganlik uchun javobgarlik muqarrarligi ta’minlanadi.
Muhokamalar davomida ko‘tarilgan savollarga tegishli javoblar, tushuntirishlar berildi. Shundan so‘ng qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA