Forishda she’riyat va do‘stlik bayrami
Jizzax viloyatining Forish tumani Uxum qishlog‘idagi 14-umumta’lim maktabida tojik adabiyotining ikki atoqli namoyandasi tavalludlari – Mirzo Tursunzodaning 110 yilligi va Loyiq Sheralining 80 yilligiga bag‘ishlangan adabiiy-badiiy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Respublika Tojik milliy madaniy markazi Forish tumani hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda hududdagi va qo‘shni Navoiy viloyatining Nurota tumanidagi tojik tilida o‘qitiladigan maktablarning o‘quvchilari, she’riyat muxlislari, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zolari, adabiyotshunoslar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
O‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi yaqin do‘stlik va qardoshlik rishtalari tarixi ularning madaniyati, adabiyotidagi mushtarakligida, shoiru yozuvchilarining hamkorligida, ijodida yanada yorqin aks etgan.
Ana shu do‘stlikni mustahkamlashga Tojikiston xalq shoiri, Mehnat Qahramoni, Tojikiston Fanlar akademiyasi akademigi, tojik dramaturgiyasining asoschilaridan biri Neru, Rudakiy, Jamol Abdul Nosir mukofotlari sohibi Mirzo Tursunzoda ulkan hissa qo‘shgan ijodkor. Ma’lum vaqt Toshkentda yashagan va o‘qigan shoir O‘zbekiston va o‘zbek xalqi hayoti haqida asarlar yozgan, Oybek, Fafur G‘ulom, Shayxzoda, Zulfiya, Mirtemir va atoqli ijodkorlar hamkorlik qilgan.
Hozirgi zamon tojik adabiyotining yirik vakillaridan biri Tojikiston xalq shoiri, Rudakiy nomidagi Davlat mukofoti, Xalqaro “Nilufar” mukofoti sovrindori Loyiq Sherali ijodi bilan ham o‘zbek she’riyat muxlislari yaqindan tanish, ko‘plab asarlari o‘zbek tiliga tajima qilingan.
Kechada so‘z olgan Forish tumani hokimi Ikrom Matiyev, Respublika tojik milliy madaniy markazi raisi Gulandom Subxonova, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zolari To‘xtamish To‘xtayev (Payxon), Abdulla Subxon va boshqalar tojik adabiyotining ikki ulkan namoyandasi asarlari, jamoatchilik faoliyati bilan ikki xalq o‘rtasidagi Navoiy va Jomiy ulug‘lagan do‘stlikni yanada mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Anjumanda Mirzo Tursunzoda va Loyiq Sherali she’rlari yoddan o‘qildi.
Tadbirda tuman hokimi qishloqdagi maktabga tojik tilidagi 20 ta kitob sovg‘a qildi.
– Tojik xalqining ikki katta shoiri yubileyiga bag‘ishlangan tadbirning Uxum qishlog‘ida o‘tkazilayotganida ham chuqur ma’no bor, – deydi tojik milliy markazi Jizzax viloyat filiali rahbari Abdukarim Sharipov. – Nurota tog‘lari etaklaridagi Forish tumani hududida azaldan yonma-yon yashab kelayotgan o‘zbek va tojiklar do‘stligi ikki xalq o‘rtasidagi azaliy yaqinlik, qardoshlikning amaldagi yorqin ifodasiga aylangan. Shu bois ikki shoir yubileyiga bag‘ishlangan ushbu adabiy kecha ham chinakam do‘stlik bayrami sifatida o‘tdi.
Toshkentlik san’atkorlar va O‘zbekiston davlat flormoniyasi Buxoro viloyat bo‘limi qoshidagi “Mavrigi” xalq ansambli ijrosidagi konsert tadbir ishtirokchilariga xush kayfiyat ulashdi.
Toshqul Beknazarov, Yuriy Starojuk(surat), O‘zA