Forish loyihasi: O‘zbekistonning atom energetikasi davri boshlanmoqda
Jahon iqtisodiyotida kechayotgan transformatsiya jarayoni, sanoatlashuvning yangi bosqichi va raqamli iqtisodiyot jadal rivojlanishi davlatlar oldiga energetika xavfsizligini ta’minlash masalasini ustuvor vazifa sifatida qo‘ymoqda. Elektr tokiga talab izchil ortishi sharoitida barqaror, samarali va uzoq muddatli energiya manbalarini shakllantirish iqtisodiy taraqqiyotning muhim shartiga aylanmoqda.
Shu nuqtai nazardan Jizzax viloyati Forish tumanida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi qurilishiga start berilishi nafaqat sohada muhim voqea, balki mamlakatimizning texnologiya modernizatsiyasi va sanoat taraqqiyoti yo‘lidagi dadil qadam sifatida baholanmoqda.
2026-yil 4-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ishtirokida mazkur loyihaning birinchi majmuasi qurilishi rasman boshlandi. Ushbu voqea ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabati amaliyotda yangi mazmun bilan boyib borayotganini namoyon qildi. Ayniqsa, tadbirda Xalqaro atom energetikasi agentligi bosh direktori Rafael Grossi ishtirok etishi loyihaning xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotganini ko‘rsatadi.
Energetika xavfsizligidan texnologiya taraqqiyotigacha
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi “Sharq mamlakatlari rivojlanishini tadqiq etish ilmiy-tahliliy markazi” direktori, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Adhamjon Mamadjonov mavzuni tahlil qilarkan, Forishda barpo etiladigan AES shunchaki energetika ob’ekti emasligiga e’tibor qaratib, ushbu majmua yurtimiz energetika mustaqilligini mustahkamlash, iqtisodiyotimiz barqaror o‘sishini ta’minlash va yuqori texnologiya tarmog‘ini rivojlantirishga xizmat qiluvchi ko‘p qirrali strategik infratuzilma ekanini ta’kidladi.
Bugun yurtimizda elektr energiyasiga ehtiyoj yil sayin oshmoqda. Yangi sanoat korxonalari ishga tushirilishi, aholi soni o‘sishi, shaharlashuv jarayoni jadallashishi hamda raqamli iqtisodiyot ko‘lami kengayishi energetika tizimi oldiga mutlaq yangi vazifalar qo‘ymoqda.
Shu bois hukumatimiz energetika muvozanatini ushlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Quyosh va shamol energetikasi loyihalari bilan bir qatorda atom energetikasini rivojlantirish ham ayni strategiyaning muhim tarkibiy qismidir.
XXIX Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan investitsiya loyihalari hisobiga diyorimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 58 milliard kilovatt-soatdan 87 milliard kilovatt-soatga yetkazildi. 2030-yilgacha bu ko‘rsatkichni 120 milliard kilovatt-soatga yetkazish rejalashtirilgan. Mazkur miqdorning 54 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalari tashkil qilishi zarur. Bu maqsadga erishishda atom energetikasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Integratsiya yo‘lidagi noyob tajriba
Forish loyihasining eng muhim jihatlaridan biri integratsiyalashgan texnologiya modeli asosida qurilayotganidir. Tashabbus doirasida ikki VVER–1000 turidagi yirik quvvatli hamda ikki RITM–200N kichik modulli reaktorlar yagona majmua tarkibini hosil qiladi. Bunday yondashuv bir yo‘la ikki muhim vazifani hal qilish imkonini beradi.
Birinchi yo‘nalish mamlakatning uzoq muddatli elektr energiyasi ehtiyojini qondirishga xizmat qiluvchi yirik generatsiya quvvatini shakllantirishdan iborat.
Ikkinchi yo‘nalish esa kelajak atom energetikasining muhim unsuri sifatida ko‘rilayotgan kichik modulli reaktorlar texnologiyasini o‘zlashtirish hisoblanadi.
Natijada O‘zbekiston nafaqat energiya ishlab chiqaruvchi yangi ob’ekt barpo etadi, balki zamonaviy atom texnologiyalari sohasida milliy malaka shakllantirishga muvaffaq bo‘ladi. Bu esa ilmiy-tadqiqot, muhandislik va innovatsiya salohiyatini mutlaq yangi bosqichga olib chiqadi.
Yangi sanoatlashuv uchun mustahkam poydevor
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, AES to‘liq quvvat bilan ishga tushgach, yiliga umumiy ehtiyojning salmoqli qismini qoplaydigan taxminan 17,2 milliard kilovatt-soat tok ishlab chiqarishi kutilyapti. Binobarin, loyihaning ahamiyati faqat energiya ishlab chiqarish bilan cheklanmaydi.
AES qurilishi mahalliy sanoat korxonalarini xalqaro kooperatsiya zanjiriga ulash, texnologiya transferi zanjirini mustahkamlash, yuqori malakali muhandis va texnik mutaxassislar tayyorlash hamda milliy ilmiy maktablar faoliyatini takomillashtirish uchun keng imkoniyat yaratadi.
Jahon tajribasi ko‘rsatadiki, atom energetikasi ustuvor yurtlarda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish tarmog‘i tez sur’atda rivojlanadi. Zero, mazkur sohada metallurgiya, mashinasozlik, elektronika, raqamli boshqaruv tizimi va ilmiy tadqiqot bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Shu ma’noda Forish AES O‘zbekiston yangi sanoatlashuv bosqichiga o‘tishi uchun muhim poydevor vazifasini bajaradi.
Mintaqaviy taraqqiyot va investitsiya jozibadorligining yangi nuqtasi
Forish tumanida atom elektr stansiyasi qurilishi Jizzax viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega. Jahon amaliyotidan ma’lumki, yirik energetika loyihalari atrofida yangi sanoat hududlari, xizmat ko‘rsatish tarmog‘i va zamonaviy infratuzilma shakllanadi. Natijada muayyan hududning investitsiyaviy jozibadorligi oshib, iqtisodiy faollik kuchayadi.
Forishda amalga oshirilayotgan loyiha ham shunday ijobiy ta’sirga egaligi shubhasiz. Qurilish jarayonining o‘zidayoq minglab ish o‘rni yaratiladi, yangi yo‘llar, muhandislik kommunikatsiyalari, ijtimoiy ob’ektlar va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi barpo etiladi. Keyingi bosqichlarda yuqori malakali kadrlarga nisbatan ehtiyoj mahalliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari rivojlanishiga turtki beradi.
Muhimi, barqaror energiya ta’minoti sarmoyadorlar uchun asosiy omillardan biridir. Elektr energiyasi uzluksiz va ishonchli yetkazib beriladigan hududlarda sanoat korxonalari, texnoparklar, eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish korxonalari vujudga keladi. Shu ma’noda Forish AES kelgusida butun viloyat iqtisodiy qiyofasini tubdan o‘zgartira oladigan strategik loyihadir.
Sheriklik mazmuni
O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabat ko‘p yillik tarixga ega. Binobarin, avval ushbu hamkorlik asosan savdo-iqtisodiy aloqa bilan cheklangan bo‘lsa, endi yuqori texnologiya, sanoat kooperatsiyasi va energetika xavfsizligi hisobiga kengaymoqda.
Forish AES mavjud sheriklikning eng yirik va strategik ahamiyatga ega namunasi hisoblanadi. Loyiha o‘zaro munosabatni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqmoqda. Umuman, bu jarayon oddiy iqtisodiy kelishuv emas, balki o‘nlab yilga mo‘ljallangan texnologik va institutsional aloqalarni nazarda tutadi.
Loyiha tashqi siyosatimizning pragmatik xususiyatiga ham mos. Mamlakatimiz xalqaro hamkorlikni siyosiy shiorlar emas, balki aniq iqtisodiy samara, texnologiya yangilanishi, milliy manfaat nuqtai nazaridan baholaydi.
Xalqaro xavfsizlik standarti – ishonch omili
Atom energetikasi haqida so‘z ketganda xavfsizlik masalasi birinchi o‘ringa chiqadi. Shu bois Forish AES loyihasi xalqaro standart asosida amalga oshirilayotgani alohida ahamiyatga ega.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, ob’ekt qurilishida XAEA tavsiyasi va dunyo miqyosida e’tirof etilgan xavfsizlik mezoniga tayaniladi. Ya’ni, tashabbus shaffof, xalqaro me’yorga muvofiq amalga oshiriladi.
Loyihaga start berish marosimida Rafael Grossi ishtirok etishi xalqaro hamjamiyat tomonidan mazkur g‘oyaga ishonchning muhim ko‘rsatkichi sifatida baholanmoqda. Bunday yondashuv O‘zbekistonning yuqori texnologiyali va strategik ahamiyatga ega loyihalarni xalqaro hamkorlik asosida amalga oshirish siyosatiga sodiqligini namoyon qiladi.
Markaziy Osiyo energetika arxitekturasida yangi voqelik
Tahlilchilar fikricha, Forishdagi atom elektr stansiyasi nafaqat milliy, balki mintaqaviy ahamiyatga ham ega. Markaziy Osiyoda aholi soni va iqtisodiy faollik muntazam o‘sishi sharoitda energiya resurslariga talab ham ortmoqda.
Bunday vaziyatda respublikamiz atom energetikasi sohasiga dadil kirib borishi mintaqaning umumiy energetika manzarasida yangi bosqichni boshlab berdi. Kelgusida sohaviy hamkorlik, texnologiya almashinuvi va sanoat kooperatsiyasi yanada kengayishi ayon. Demak, loyiha O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda yuqori texnologiya va zamonaviy energetika infratuzilmasini rivojlantirayotgan yetakchi davlatlardan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Xulosa
Forish tumanida integratsiyalashgan AES qurilishini davlatimiz energetika siyosatidagi navbatdagi bosqich o‘laroq, mamlakat taraqqiyotining uzoq muddatli strategiyasi bilan chambarchas bog‘liq tarixiy qaror sifatida baholash mumkin.
Mazkur tashabbus energetika xavfsizligini ta’minlash, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, yuqori texnologiya jalb etish, milliy muhandislik maktabini shakllantirish va sanoat raqobatbardoshligini oshirish kabi bir-biri bilan uzviy bog‘liq vazifalarni hal etishga ko‘maklashadi.
TDSHU mustaqil tadqiqotchisi Aqlbek Tilavoldiyev fikricha, ushbu majmua energetika mustaqilligini mustahkamlashi barobarida, yuqori texnologiyali iqtisodiyotga o‘tish jarayonini tezlashtiruvchi muhim omildir. Shu bilan birga, O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda innovatsion rivojlanish va zamonaviy energetika infratuzilmasini shakllantirish sohasidagi yetakchi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.
Eng muhimi, Forish AES pragmatik tashqi iqtisodiy siyosatimiz samarasi sifatida milliy manfaat, texnologiya taraqqiyoti va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan yirik strategik loyihalar qatorida alohida o‘rin egallaydi. Kelgusi yillarda majmua yurtimiz energetika va sanoat salohiyatini belgilab beruvchi muhim rivojlanish nuqtalaridan biriga aylanishi kutilyapti.
Musulmon Ziyo, O‘zA