Fitosanitariya talablari yengillashtiriladi
Senat yalpi majlisida «Fitosanitariya talablari yengillashtirilishi munosabati bilan «O‘simliklar karantini to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida»gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun bilan fitosanitariya sertifikatini yoki guvohnomasini olish talab etilmaydigan karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirishda eksport qiluvchi xorijiy mamlakatlarning fitosanitariya sertifikatini yoki guvohnomasini talab etish bekor qilinmoqda.

Shu bilan birga, qonunda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan karantin ostidagi mahsulotning har bir turkumiga alohida-alohida beriladigan karantin ruxsatnomasi mavjud bo‘lgan taqdirda, xorijiy mamlakatlardan karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirishga yo‘l qo‘yilishi mustahkamlanmoqda.
Bu o‘simliklar karantini qoidalari hamda fitosanitariya talablarini yengillashtiradi.

Senatorlarning ta’kidlashicha, ushbu yangiliklar ichki bozorlarda asosiy turdagi mahsulotlar narxining barqarorligini ta’minlashga, import hisobidan qoplanadigan aholining iste’mol talabi yuqori bo‘lgan mahsulotlarni olib kirishda tadbirkorlik sub’ektlariga imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA