Fitosanitar xavfsiz mahsulot yetkazish borasida hamkorlik ko‘lami oshmoqda
O‘zbekiston ko‘plab davlatlar bilan fitosanitar xavfsiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti va importiga oid hamkorlik ko‘lamini kengaytirmoqda.
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Rossiyaning Federal veterinariya va fitosanitariya nazorati xizmati – Rosselxoznadzor mutaxassislari ishtirokida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportida karantin nazorati o‘tkazilishining yangicha mexanizmini ishlab chiqish borasida fikr almashildi. Asosiy e’tibor xalqaro savdo qoidalariga muvofiq fitosanitar xavfsiz mahsulotlarni yetishtirish va eksportini amalga oshirishga qaratildi.
Endilikda ekin maydonlari va bog‘lar fitomonitoringi kuchaytirilib, mahsulot yetishtiruvchilarga eksportga oid yangilanayotgan talablar yetkaziladi, deyiladi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi ma’lumotida. Uchrashuvda ekin maydonlari va bog‘larning fitosanitar holatini ta’minlash maqsadida o‘tkazilayotgan muntazam o‘rganishlar, fitomonitoring natijalari avtomatlashtirilgan tizimda umumlashtirilishi, eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarning laboratoriya tahlillari natijalari haqida ma’lumot berib o‘tildi.
Muloqotda eksport bo‘lgan mahsulotlarda karantin ahamiyatiga ega ob’ektlar aniqlangan taqdirda qo‘shimcha o‘rganishlar olib borilishi va tegishli choralar ko‘rilishiga kelishib olindi.
A.RUSTAMOV, O‘zA