Finlyandiya tajribasi O‘zbekiston ta’limiga yanada chuqurroq joriy etiladi
Maktabgacha va maktab ta’limi sohasida O‘zbekiston–Finlyandiya hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova Finlyandiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yoxanna Mariya Ogren bilan uchrashib, ta’lim tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shma loyihalar va istiqboldagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv avvalida vazir E’zoza Karimova Yoxanna Mariya Ogrenni Finlyandiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi sifatida qayta tayinlangani munosabati bilan tabriklab, diplomatik faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Muloqot chog‘ida ikki davlat o‘rtasida ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan hamkorlik loyihalari, xususan, “Finnish Inspired Education System Development in Uzbekistan (FIESDU)” dasturi doirasida erishilgan natijalar atroflicha ko‘rib chiqildi. Shuningdek, pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish, raqamli ta’lim yechimlarini keng joriy etish, ta’lim sifatini baholash tizimini takomillashtirish va hamkorlikning yangi yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Qayd etilishicha, FIESDU loyihasi orqali Finlyandiyaning ilg‘or tajribasi o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishi, ta’lim boshqaruvini takomillashtirish, inklyuziv ta’limni rivojlantirish hamda ta’lim sifatini baholash sohalariga bosqichma-bosqich tatbiq etilmoqda.
Shuningdek, YUNISEF ko‘magida O‘zbekistonda “Eduten” raqamli ta’lim platformasi sinovdan o‘tkazilib, 200 nafar pedagogning raqamli ta’lim vositalaridan samarali foydalanish bo‘yicha salohiyati oshirilgani ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ta’lim sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, innovatsion yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish va qo‘shma loyihalarni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA