Fidoyi va mehribon murabbiy
Mamlakatimizning barcha hududlarida barpo etilgan zamonaviy sport inshootlarida minglab o‘g‘il-qizlar sport bilan muntazam shug‘ullanib, sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetmoqda. Ular orasidan xalqaro musobaqalarda Vatanimiz shuhratini yuksaltirishga qodir sportchilarni tarbiyalashda malakali murabbiylarning o‘rni beqiyos.
Mamlakatimizning barcha hududlarida barpo etilgan zamonaviy sport inshootlarida minglab o‘g‘il-qizlar sport bilan muntazam shug‘ullanib, sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetmoqda. Ular orasidan xalqaro musobaqalarda Vatanimiz shuhratini yuksaltirishga qodir sportchilarni tarbiyalashda malakali murabbiylarning o‘rni beqiyos.Taekvondo (WTF) bo‘yicha mamlakatimiz terma jamoasi bosh murabbiyi Aleksandr Kim shunday ustozlardan.
Oiladagi sportga bo‘lgan qiziqish yosh Aleksandrni sportga yetakladi. U dastlab voleybol va karate sirlarini o‘rganishga qiziqdi. So‘ngra taekvondo (WTF) bilan shug‘ullandi. 1991-yilda o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida birinchi o‘rinni egallab, sportning ushbu turi bo‘yicha mamlakatimizning ilk chempioni bo‘ldi.
– Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sport vositasida sog‘lom va barkamol avlodni shakllantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor taekvondo rivojida ham muhim omil bo‘lmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi Aleksandr Kim. – Buni mazkur sport turining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, mashg‘ulot olib borish uchun keng imkoniyatlar yaratish borasida olib borilayotgan ishlar, yosh sportchilarimizning xalqaro maydonda erishayotgan yuqori natijalarida yaqqol ko‘rish mumkin.
Aleksandr Kim 1996-yili O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasiga murabbiy etib tayinlangan bo‘lsa, 2002-yildan milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Bugun qit’a va jahon miqyosidagi nufuzli musobaqalarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilayotgan sportchilar orasida uning shogirdlari ko‘p. Rashid Ahmedov ilk marotaba o‘smirlar, Eduard Xegay va Akmal Ergashev kattalar o‘rtasida jahon chempionatlarida kumush, Yevgeniy Li va Irina Dergach bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Yangi avlod vakillari Jasur Boyqo‘ziyev, Dmitriy Shokin, aka-uka Nikita va Maksim Rafalovichlar murabbiyning orzularini ro‘yobga chiqarmoqda.
2014-yili Toshkentda taekvondo bo‘yicha XXI Osiyo chempionatida ishtirok etgan Jasur Boyqo‘ziyev va Dmitriy Shokin o‘z vazn toifasida shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Hamyurtlarimizdan Nikita va Maksim Rafalovich bronza medalni qo‘lga kiritdi. Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tgan XVII Osiyo o‘yinlarida Jasur Boyqo‘ziyev oltin, Nikita va Maksim Rafalovich, Dmitriy Shokin kumush medal bilan taqdirlandi.
Joriy yilning 12-18-may kunlari Rossiyaning Chelyabinsk shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan Dmitriy Shokin oltin, Jasur Boyqo‘ziyev va Nikita Rafalovich kumush medalni qo‘lga kiritdi.
– Murabbiyimiz yoshlarda avvalo sportchilik salohiyatini shakllantirishga e’tibor qaratadi, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi Jasur Boyqo‘ziyev. – Mashg‘ulotlar davomida sezgirlik va chaqqonlik, tez qaror qabul qilishni o‘rgatadi. Bu xislatlar sportchi uchun juda muhim.
O‘zbekiston terma jamoasi 2016-yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlariga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda. Davlatimiz rahbarining 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori bu jarayonni zamonaviy talablar asosida tashkil etishda dasturilamal bo‘lmoqda.