Fidoyi ijodkorning “Adabiyot dunyosi”
O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida O‘zbekiston Qahramoni, atoqli adabiyotshunos olim, munaqqid va tarjimon Ibrohim G‘afurovning “Adabiyot dunyosi” deb nomlangan 8 jildlik kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Shu munosabat bilan mazkur oliy o‘quv yurtiga yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunoslar, ijodkor ziyolilar, talaba-yoshlar taklif etildi.
Taqdimot tadbirida mazkur universitet rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja, ustoz shoira Sharifa Salimova, taniqli yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad, atoqli adib Nazar Eshonqul, adabiyotshunos olim Bahodir Qobul va boshqalar bugungi kunda yoshlarda kitobxonlik madaniyatini oshirish, bunda zalvorli asarlar, umrini milliy adabiyotimiz ravnaqiga bag‘ishlagan ijodkorlarning kitoblari muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.

–Ibrohim G‘afurovning har bir asarini, tarjimalarini o‘qib hayratlanaman, – dedi shoira Sharifa Salimova. – Ularda ona tilimiz jozibasi, betakrorligi ko‘zga yaqqol tashlanib turadi. Muallifning bugun taqdimoti bo‘lib o‘tayotgan asarlari ko‘plab ilmiy ishlarga, tadqiqotlarga asos bo‘la oladi.
–Adabiyotimiz fidoyisi Ibrohim G‘afurovning ijodini ummonga qiyoslash mumkin, – dedi adib va jurnalist Xurshid Do‘stmuhammad. – Sakkiz jilddan iborat bu kitob jamlanmasi o‘zbekning peshonasiga bitilgan ijodkorning bir evolyutsiyasini – ijodidagi tadrijiy bosqichlarni ko‘rsatib beradi. Ushbu kitoblarda adabiy janrlarning nihoyatda rang-barangligini ko‘rish mumkin. Taqriz, tahlil adabiyotshunoslik, mualliflarga xatlar, qahramonlarga xatlar, kundaliklar, mansuralar, falsafiy esselar ularda mujassam. Bu kitoblar shunisi bilan ahamiyatliki, milliy adabiyotimizdagi bor dolzarb mavzularga Ibrohim G‘afurov munosabat bildirganlar. Unda Sharq mumtoz adabiyoti vakillari, dunyo adabiyoti namoyandalari haqida teran tahliliy fikrlar bildirilgan. Yaxshi kitob insonga zavq, shavq, hayotga bo‘lgan rag‘batni kuchaytiradi. Mazkur sakkiz jildlik kitoblar haqida ham shunday fikrlarni bildirish mumkin. Ayni paytda muallif yosh ijodkorlarning she’rlarini tahlil etib, ularni soxtalikdan, zo‘rma-zo‘rakilikdan ogohlantiradi.
–Ibrohim G‘afurovning tarjimalarida bugun insoniyat duch kelayotgan savollarga, o‘quvchi, umuman insoniyat o‘z-o‘ziga beradigan savollariga javob topadi, – dedi mohir yozuvchi Nazar Eshonqul. – Bu kitoblarda har qanday stereotiplarni, har qanday qoliplarni buzib yuboradigan gaplar bor. Ibrohim aka o‘z esselari orqali bizning tafakkur tarzimizni jahon tafakkur tarziga ko‘tarib turgan ijodkordir.
–Shunday ustozlarimiz sababli so‘z san’ati bilan tanishganmiz, – dedi adabiyotshunos olim Bahodir Qobul. – Men Ibrohim G‘afurov, Abdulla aka, Baxtiyor Nazarov, Ibrohim Haqqul singari adabiyot darg‘alariga shogird bo‘lganimdan faxrlanaman. Adabiyotda tarjima san’ati g‘oyat muhim yo‘nalishdir. Shu sababli ham Ibrohim G‘afurov tarjima ijodiy maktabini yaratish taklifini bildirmoqchiman.
–Bunday muloqotlarga, yoshlar huzuriga kelish uchun ijodkorning qo‘lida samarali natijalari bo‘lishi kerak, – dedi tadbir yakunida adabiyotimiz fidoyisi Ibrohim G‘afurov. Mening bu asarlarim yoshlar oldiga kelish uchun imkoniyatdir. Bu kitoblarda mamlakatimizdagi adabiy jarayonlar, o‘zbek ziyolilarining XX asrdagi ruhiy, psixologik, qarashlari, fikrlari aks ettirilgan. Bu jamlanma ustida uch-to‘rt yillar davomida ishlab, tahrir etib, bugungi kitobxonga munosib tarzda yetkazish borasida ish olib bordik.
“Adabiyot dunyosi” deb nomlangan 8 jildlik kitoblar to‘plami “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan bo‘lib, asosan adabiyot dunyosiga oid jarayonlar hamda badiiy tarjimalardan iborat.
Tadbirda adabiyotimiz darg‘asining faoliyati, uning ijodiga oid yangi kitoblar xususida, ustoz ijodiga oid tarjima maktabini mazkur universitet huzurida tashkil etish yuzasidan batafsil so‘z yuritildi. Ayni paytda o‘z ijodi bilan faollik ko‘rsatayotgan yoshlar taqdirlandi.
N.Usmonova, O‘zA