Fidokorona mehnat samarasi
Qoraqalpog‘iston Respublikasida g‘alla o‘rim-yig‘im ishlari uyushqoqlik bilan tashkil etilib, hosildan bo‘shagan yerlar peshma-pesh shudgor qilindi. Ayni paytda barcha xo‘jaliklarda takroriy ekin ekish taraddudi ko‘rilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida g‘alla o‘rim-yig‘im ishlari uyushqoqlik bilan tashkil etilib, hosildan bo‘shagan yerlar peshma-pesh shudgor qilindi. Ayni paytda barcha xo‘jaliklarda takroriy ekin ekish taraddudi ko‘rilmoqda.Dehqonlar orasida “yil yilga o‘xshamaydi”, degan gap bor. Mintaqaning keskin iqlim sharoitida gektaridan 80-90 sentnerdan xirmon ko‘tarishga erishgan omilkorlar “bu yil g‘alla uchun juda qulay keldi”, deyishmoqda.
2 ming 490 fermer xo‘jaligi tomonidan 53 ming gektar g‘allazorda kutilganidan ham mo‘l hosil yetishtirildi. Bunda ilg‘or fermer xo‘jaliklarining hissasi katta, albatta. Xususan, Xo‘jayli tumanidagi “Feniks – BAGM” fermer xo‘jaligi 90 sentnerdan hosil oldi.
Tumanning Nayman ovulida faoliyat ko‘rsatayotgan mazkur fermer xo‘jaligi asosan paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan. Mavjud 63 gektar ekin maydonining 51 gektarida g‘o‘za parvarishlanmoqda. Hosili tez va sifatli yig‘ishtirib olingan o‘n ikki gektar g‘allazor o‘rniga takroriy ekin ekilmoqda.
– Prezidentimiz rahnamoligida fermerlik harakatini rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlash va uni qishloqda yetakchi kuchga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ayniqsa, bizning mintaqada yanada samarali bo‘lmoqda, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Baxtiyor O‘razimbetov. – Bizning sharoitda ulkan xirmon yaratish ko‘p jihatdan urug‘ni to‘g‘ri tanlay bilishga bog‘liq. Shuning uchun bo‘liq va pishiq bug‘doy urug‘ini o‘zimiz yetishtiramiz. Iqlim sharoiti, suv va tuproq tarkibiga moslashgan bug‘doy navini vaqtida oziqlantirib, mo‘l hosil olishga erishmoqdamiz. Yetishtirilgan hosilning shartnomadan ortig‘i o‘zimizda qolayotgani daromadimiz ortib, xo‘jaligimizning yanada rivojlanishida muhim omil bo‘lmoqda. 2013-yilda hosildorlikni 40 sentnerdan oshirganimiz uchun “Kaptiva” avtomashinasi bilan mukofotlangan edik. Mehnatimizning bunday rag‘batlantirilishi bizni yanada ko‘proq izlanishga undamoqda. Olayotgan daromadimiz hisobidan zamonaviy uy-joy quryapmiz, to‘y qilyapmiz. Xullas, faqat yaxshi kunlarga ishlatyapmiz. Bu yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, yaratilayotgan keng sharoit va imkoniyatlar samarasidir.
Fermer xo‘jaligi o‘tgan yili 90 million so‘mdan ziyod daromad oldi. Ushbu daromadning asosiy qismi xo‘jalikning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ishchilarning turmush farovonligini yanada yuksaltirishga yo‘naltirildi. Xo‘jalik dehqonlari kuzda paxtadan 40 sentnerlik xirmon yaratishni rejalashtirgan.