Fermer yerni sotayotganda qo‘lga tushdi
Mamlakatimizda yer munosabatlarida qonuniylikni ta’minlash, korrupsiya holatlariga qarshi keskin kurashish hamda davlat mulkidan oqilona foydalanish borasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday tezkor tadbirlardan biri Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida o‘tkazilib, noqonuniy yer savdosi bilan bog‘liq holatga chek qo‘yildi.
Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida “R.M.” fermer xo‘jaligi rahbari X.M. “Qutchi” massivida joylashgan 45,6 gektar yer maydonining 2,7 gektar qismini fuqaro nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgani aniqlangan.
U mazkur xizmat evaziga 36 ming AQSH dollari talab qilgan bo‘lib, kelishilgan mablag‘ning 32 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Tezkor tadbir Departamentning G‘ijduvon tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan.
Hozirgi vaqtda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.