Faxriy sportchi bilan uchrashuv
Poytaxtimizdagi Olimpiya shon-shuhrati muzeyida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy, «Shuhrat» medali sohibi, faxriy futbolchi Narimon Jalolov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizdagi Olimpiya shon-shuhrati muzeyida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy, «Shuhrat» medali sohibi, faxriy futbolchi Narimon Jalolov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan Keksalarni e’zozlash yiliga bag‘ishlab muzeylar haftaligi doirasida tashkil etilgan mazkur tadbirda universitet o‘qituvchi va talabalari ishtirok etdi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni, jumladan, futbolni rivojlantirishga e’tibor qaratilib, milliy terma jamoalarimizda iqtidorli futbolchilarning kamol topishi uchun yetarli shart-sharoit yaratilayotgani ta’kidlandi.
N.Jalolov 11 yoshida futbolga mehr qo‘ygan. Toshkentning “Spartak” jamoasi a’zosi sifatida o‘smirlar o‘rtasidagi ko‘plab musobaqalarda zafar quchgan. U sport jamiyatlari o‘rtasida o‘tkazilgan birinchiliklarda ham g‘olib chiqqan.
Toshkent shahri va viloyatidagi futbol taraqqiyotida futbol faxriysi Narimon Jalolovning xizmatlari katta.
Narimon Jalolov hozirgi kunda O‘zbekiston futbol federatsiyasi faxriylar kengashi raisi sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.
– Bugungi yoshlarga havasim keladi, – deydi N.Jalolov. – Sababi, mamlakatimizda zamonaviy futbol infratuzilmasi yaratilgan. Poytaxtimizdagi muhtasham «Bunyodkor», «Paxtakor», «Lokomotiv» stadionlari o‘zbek futboli dovrug‘ini dunyoga ko‘rsatmoqda. Bularning bari yoshlarimizning futbol bilan muntazam shug‘ullanishi va o‘z mahoratini oshirishida muhim ahamiyat kasb etadi.