Favqulodda vaziyat: hamkorlikning amaliy samaralari
Qashqadaryo viloyatida o‘tgan yil xavfli hududlarda istiqomat qiluvchi, masalan Dehqonbod, Yakkabog‘ va Shahrisabz tumanlaridagi jami 17 ta xo‘jalik 103 nafar fuqaroga kompensatsiya to‘lanib, xavfsiz hududlarga ko‘chirilgan. Dehqonobod, Shahrisabz, Yakkabog‘, Kitob va Chiroqchi tumanlarida sel suv toshqini mavjud hududlarda istiqomat qilib kelayotgan 93 ta xo‘jalikni sel suv toshqinidan muhofaza qilish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, 2022 yil sel toshqin suvlarini suv oqimlari bo‘ylab barqaror va xavfsiz o‘tkazib yuborish bo‘yicha manzilli dasturga asosan 10 ta ob’ektda davlat byudjetidan 11 milliard 700 million so‘m mablag‘ hisobiga daryo o‘zanlarini rostlash, qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlari amalga oshirilgan. 93 ta xo‘jalikning xavfsizligi ta’minlangan.
Qashqadaryo viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan “O‘ta xavfli yuqumli kasalliklarni oldini olish bo‘yicha viloyat miqyosida olib borilayotgan tadbirlar”, “Sel-toshqin va yer ko‘chkisi hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan aholini va hududlarni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar” mavzularida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shular haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, Favqulodda vaziyatlar davlat quyi tizimi xizmatlari boshqaruvi organlari hamda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda Dehqonobod, Chiroqchi, Qamashi, Yakkabog‘, Shahrisabz, Kitob va G‘uzor tumanlarida jami 15 marta maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilgan. Mashg‘ulotlar davomida 5960 metr kub tuproq ishlari, 3953 metr kub o‘zan tozalash ishlari, 4195 metr kub qum shag‘al ishlari, 690 metr kub xarsang tosh yotqizish ishlari, 244 metr kub beton ishlari amalga oshirilgan.
Viloyat aholisini, ijtimoiy soha va boshqa ob’ektlarni hamda ekin yer maydonlarini qish va bahor mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tabiiy xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish ishlarini jadallashtirish, viloyat hududidagi magistral gaz va ichimlik suv quvurlari yuqori kuchlanishli havo liniyalari, avtomobil va temir yo‘llarning sel kelishi mumkin bo‘lgan hududlarini o‘rganish maqsadida tegishli idora va tashkilotlar xodimlaridan iborat idoralararo viloyat “Tezkor shtabi” tashkil etilgan. Shtab raqami (75) 221-15-91.
[gallery-10536]
Xavfli gidrometeorologik va geologik jarayonlar faollashishi mumkin bo‘lgan hududlar, ushbu hududlarda joylashgan aholi punktlari va ob’ektlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni doimiy tarzda “Tezkor shtablarga” yuborib turish va xavfsiz hududlarga vaqtincha yoki doimiy ko‘chirilgan aholi va xo‘jaliklarni xavfli hududlarga qaytib kelishining oldini olish maqsadida 15 ta nazorat kuzatuv postlari tashkil etilgan. Bundan tashqari, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarni oldini olishga qaratilgan bir qator profilaktik tadbirlar ham amalga oshirilmoqda.
Jumladan, hududlarda “Ovqatdan ommaviy zaxarlanish – botulizm kasalligini oldini olishda FVDT tegishli xizmatlarining hamkorlikdagi harakatlari” mavzusida maxsus-taktik o‘quv mashqlari muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Hamkorlikdagi ko‘plab profilaktik tadbirlar o‘tkazilishiga qaramay, o‘tgan yil davomida ovqatdan zaharlanish “Botulizm” bilan bog‘liq kasalliklar 2 ta holatda 7 nafar, kuydirgi bilan 17 nafar, Qrim-Kongo gemoragik isitma kasalligi bilan 11 nafar, quturish kasalligi bilan 5 nafar fuqaro kasallangan va joylardagi tibbiyot birlashmalariga yotqizilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib joriy yilda shahar va tumanlar FVB, Sanitariya epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlari va MFY raislari bilan hamkorlikda kuydirgi kasalligi o‘choqlarini (atrofi o‘ralganligini) nazorat qilib borish va joylardagi mutaxassislar tomonidan har chorakda tuproq namunalarini olish, kunlik bozorlarda qo‘lbola usulda tayyorlangan, yaroqlilik muddati o‘tgan, sifat sertifikatga ega bo‘lmagan mahsulotlarni mutaxassislar ko‘rigidan o‘tkazish va yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarni sotuvdan chiqarish choralarini ko‘rish, qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish ishlarini kuchaytirish va aholining tibbiy-sanitar bilimlarini oshirish orqali kasallanish holatlarini oldini olish va kamaytirish ishlari rejalashtirilgan va bu borada amaliy ishlar olib borilmoqda.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.